O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakat hududida istiqomat qilayotgan fuqarolarga murojaat yo‘lladi.
Elchixona xabarida 28-fevral kuni Isroil hududiga kuchli raketa hujumlari kuzatilishi kutilayotgani qayd etilgan. Avvalroq mamlakat Eronga hujumlar uyushtirgan.
Shu munosabat bilan vatandoshlardan shaxsiy xavfsizlik choralarini kuchaytirish, zarur ehtiyot tadbirlarini ko‘rish hamda Isroil Front orti qo‘mondonligi tomonidan berilayotgan ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilish so‘ralgan.
Qayd etilishicha, qizil ogohlantirish — xavf borligini bildiradi va zudlik bilan boshpanaga kirish zarur, ko‘k ogohlantirish esa xavf o‘tganini va himoyalangan joyni tark etish mumkinligini anglatadi.
Juma kuni ham elchixona Isroildagi o‘zbekistonliklarni ogohlantirgandi. Murojaatda mintaqadagi hozirgi vaziyat inobatga olinib, fuqarolar shaxsiy xavfsizlik choralariga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirilgan.“Har qanday holatda ham, rasmiy organlarning ko‘rsatmalariga rioya qiling va yaqin atrofdagi boshpana joylari haqida avvaldan ma’lumotga ega bo‘ling”, deyiladi axborotda.
Shuningdek, ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan joylarga bormaslik, odamlar gavjum hududlarda uzoq vaqt qolmaslik, harakatlanish va safarlarni rejalashtirishda ehtiyotkorlikka rioya qilish so‘ralgan. Ayrim hududlarga safarni vaqtincha kechiktirish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.
28-fevral kuni Isroil Eronga havo hujumi uyushtirdi. Unda AQSH ham ishtirok etgani xabar qilindi. Razvedka binosi, prezident majmuasi, Tehron aeroporti, shuningdek, Eron oliy rahbari Oyatulloh Xomanaiyning uyi hujumga uchragan.
Isroil va Eron havo hududlari yopilgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach Eron javob zarbalari berishini ma’lum qilgan. Mudofaa vazirligi amaldori qasos olish uchun barcha choralar ko‘rilayotganini bildirgan.








