“O‘zbekiston pochtasi” AJ 2026-yil 1-martdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun YHXX Jamoat xavfsizlik departamenti tomonidan shakllantiriladigan ma’muriy bayonnomalar — jarima xatlarini yetkazib berish xizmati to‘xtatilishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, xizmat ko‘rsatishning to‘xtatilishiga Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish davlat muassasasi bilan 2026-yil uchun shartnoma imzolanmagani sabab bo‘lgan. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi pochta jo‘natmalari qabul qilinmaydi va yetkazilmaydi.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ mazkur masala yuzasidan qo‘shimcha tafsilotlar e’lon qilinishi bilan jamoatchilikka ma’lum qilib borilishini bildirdi.
Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirib, jarima xatlarini yetkazib berish to‘xtatilishini tasdiqladi. Idora “Xavfsiz shahar“ konsepsiyasi doirasida qarorlarning ko‘chirma nusxasi va unga ilova qilingan materiallar sinov tariqasida quyidagi manbalar orqali yuborilishi yo‘lga qo‘yilganini bildirdi:
- davlat xizmatlari portali: my.gov.uz (MyGov mobil ilovasi);
- SafeRoad mobil ilovasi;
- Road24 mobil ilovasi;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari mobil ilovasi (MIB).
- Hamroh mobil ilovasi qaror rasmiylashtirilishi bilan 6079 raqamidan SMS-xabarnoma yuboriladi.
Agar SMS-xabarnoma kelmasa, my.gov.uz portaliga kirib, telefon raqamingizni ro‘yxatdan o‘tkazish lozim — shundan so‘ng barcha xabarnomalar avtomatik ravishda yuboriladi.
Mazkur raqamli xizmatlardan foydalanish vaqti cheklanmagan, qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish yoki hujjat taqdim etish talab etilmaydi, qaror rasmiylashtirilishi bilan bir vaqtda barcha materiallar bilan tanishish hamda qonunchilikda belgilangan muddatlarda jarimani to‘lash imkoniyati mavjud.








