Daryo

Germaniya Ukrainaga ilk bor tabiiy gaz yetkazib berishni boshladi

Rossiya hujumlari va anomal sovuq fonida Ukraina energetika tizimi uchun yangi import yo'lagi ishga tushdi. Ryugen orolidan Polsha orqali yo'naltirilgan gaz zaxiralari qishki mavsumdagi tanqislikni qoplashga xizmat qiladi.

2 daqiqa o‘qish3 800 ko‘rishlar0 izoh2

Germaniya o‘zining eng yirik oroli — Ryugendagi suyultirilgan tabiiy gaz terminali orqali Ukrainaga gaz yetkazib berishni boshladi. Bu haqda Ukrainaning “Naftogaz” energetika kompaniyasi va Germaniya tomoni bayonotiga tayanib, Euronews xabar berdi.

German Baltic deb nomlangan mazkur terminal tankerlarda olib kelingan suyultirilgan gazni (jumladan, AQSHdan keltirilgan zaxiralarni) qayta ishlash va Germaniya quvurlar tarmog‘iga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi. Qishki isitish mavsumida ushbu terminal o‘z faoliyatini sezilarli darajada oshirdi.

Ryugen orolidagi terminalni boshqaruvchi Deutsche ReGas xususiy operatori ham ushbu xabarni tasdiqladi.

“Ukrainaning energetika xavfsizligiga bevosita hissa qo‘shayotganimizdan g‘oyatda faxrlanamiz”, dedi Deutsche ReGas bosh direktori Ingo Vagner.

Kompaniyaning qayd etishicha, Ryugendagi inshoot Germaniyadagi yagona xususiy moliyalashtirilgan va Ukrainani gaz bilan ta’minlayotgan gaz terminali hisoblanadi.

Yetkazib berish yo‘nalishi va strategik ahamiyat

Gaz yetkazib berish Polsha hududi orqali amalga oshirilmoqda va bu yaqin kelajakda Ukrainaning energiya ehtiyojlarini qoplashga yordam berishi kutilmoqda. Ingo Vagnerning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon terminalning Markaziy va Sharqiy Yevropa uchun strategik ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

“Naftogaz” rahbari Sergiy Koretskiy urush va anomal sovuq sababli bu yilgi qish eng og‘iri bo‘lganini ta’kidladi:

“Gaz infratuzilmasiga qilinayotgan to‘xtovsiz hujumlar va haddan tashqari sovuq tufayli ushbu qish urush boshlanganidan beri eng qiyini bo‘ldi. Yangi hamkorlik joriy yil uchun ishonchli import yo‘nalishini ochadi. Bu kelishuv uzoq muddatli sheriklik yo‘lidagi ilk qadamdir”, dedi Koretskiy.

Rossiya gaziga muqobil: Germaniyaning yangi energetika siyosati

Rossiya to‘rt yil avval Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlagach, Yevropaga gaz eksportini to‘xtatgan edi. Shundan so‘ng, Germaniya va butun Yevropa muqobil energiya manbalarini qidirishga tushdi.

Hozirda Germaniyada beshta suyultirilgan gaz terminali faoliyat ko‘rsatmoqda. Mutaxassislarning fikricha, suyultirilgan gaz terminallari gazni mavjud quvurlar tuzilmasiga bog‘lanmagan holda qabul qilish imkonini beradi, bu esa ta’minot xavfsizligini kafolatlaydi.

Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilda Germaniya import qilgan jami suyultirilgan gazning 96 foizi AQSH hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar