Daryo

“Eron AQSHga zarba bera oladigan raketalar ustida ishlamoqda” — Tramp

Oq uy rahbari Tehronni qurol ishlab chiqarishda va yadroviy dasturni qayta tiklashga urinayotganlikda aybladi. Tehron rasmiylari esa ayblovlarni rad etib, buni navbatdagi uydirma deb atadi.

3 daqiqa o‘qish7 572 ko‘rishlar0 izoh8

AQSH prezidenti Donald Tramp 24-fevral kuni Eron Qo‘shma Shtatlarga zarba berishga qodir raketalarni ishlab chiqishga intilayotganini da’vo qildi. Shuningdek, u Tehronni 2025-yilda Amerika zarbalari nishoniga aylangan yadroviy dasturni qayta tiklashga urinayotganlikda aybladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Tramp o‘zining Kongressga yo‘llagan yillik murojaatnomasi chog‘ida Eronning raketa salohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Ular allaqachon Yevropa va bizning xorijdagi bazalarimizga tahdid sola oladigan raketalarni ishlab chiqib bo‘ldi. Endi esa yaqin orada AQSHga yetib boradigan raketalar ustida ishlamoqda”, dedi Tramp.

AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron bunday raketalarni ishlab chiqish uchun yana kamida o‘n yil vaqt sarflashi kerak. Mudofaa razvedka boshqarmasining yanvar oyidagi hisobotida aytilishicha, agar Tehron shu yo‘nalishda davom etsa, 2035-yilga borib 60 ta qit’alararo ballistik raketaga ega bo‘lishi mumkin. Hozircha Eron bunday qurolga ega emasligi qayd etilgan.

“Uydirma”

Eron Tashqi ishlar vazirligi 25-fevral kuni, Jenevadagi yadroviy muzokaralarning uchinchi raundi boshlanishidan bir necha soat oldin Trampning iddaolarini rad etdi. Vazirlik vakili Ismoil Baqaiy X (Twitter) platformasida bu ayblovlarni “uydirma” deb atadi.

“Eronning yadroviy dasturi, ballistik raketalari va yanvar oyidagi tartibsizliklar qurbonlari soni bo‘yicha bildirilgan barcha da’volar navbatdagi uydirmadir”, dedi u.

Yadroviy dastur va harbiy zarbalar

Tramp, shuningdek, 2025-yil iyun oyida AQSH va Isroil zarbalari oqibatida vayron qilingan yadroviy inshootlar qaytadan ishga tushirilayotganini ta’kidladi.

Ularga qurol-yarog‘, xususan, yadroviy qurol dasturini qayta tiklash bo‘yicha ogohlantirish berilgan edi, biroq ular hammasini boshidan boshlashda davom etmoqda, dedi prezident va Eronning harakatlarini “mash’um yadroviy ambitsiyalar” deb atadi.

Eron esa yadro texnologiyasidan faqat tinch maqsadlarda foydalanishga haqli ekanini aytib keladi.

Namoyishlar qurbonlari bo‘yicha qarama-qarshi raqamlar

Tramp o‘z nutqida 2025-yil dekabr oyida boshlanib, 2026-yil 8-9-yanvar kunlari avjiga chiqqan namoyishlar paytida Eron hukumati 32 000 kishini o‘ldirganini iddao qildi. Eron hukumati esa 21-yanvar kuni tartibsizliklarda 3 117 kishi (fuqarolar va xavfsizlik kuchlari) halok bo‘lganini va bu o‘limlarda AQSH hamda Isroil qo‘llagan “terrorchilik harakatlari” aybdorligini ma’lum qilgandi.

Biroq boshqa manbalar raqamlari ancha yuqori. Jumladan:

  • HRANA (Huquq faollari axborot agentligi) 7 000 dan ortiq o‘limni tasdiqlagan, yana 12 000 tasi tekshirilmoqda.
  • BMT maxsus ma’ruzachisi May Satoga ko‘ra, qurbonlar soni 20 000 dan oshgan bo‘lishi mumkin.
  • Euronews manbalari esa o‘lim holatlari 30 000 dan oshganini qayd etdi.

Yanvar oyida Eronda internet butunlay o‘chirib qo‘yilgani sababli aniq raqamlarni tasdiqlash imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

Harbiy bosim ostidagi muzokaralar

Ushbu bayonotlar Jenevada Ummon vositachiligida o‘tadigan muzokaralar arafasida yangradi. Muzokaralarda AQSH vakillari Stiv Vitkoff va Jared Kushner ishtirok etmoqda.

Biz ular bilan muzokaralar olib boryapmiz. Ular kelishuvni xohlaydi, lekin biz hali o‘sha so‘zlarni — “Bizda hech qachon yadroviy qurol bo‘lmaydi” degan gapni eshitmadik”, dedi Tramp.

Vashington Eronning uranni boyitishini nolga tushirishni, raketa dasturini to‘xtatishni va mintaqadagi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishini talab qilmoqda. Ayni paytda Tramp Yaqin Sharqqa ikkita aviatashuvchi, o‘nlab harbiy kemalar va qiruvchi samolyotlarni joylashtirgan.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘er Galibaf 25-fevral kuni Tehron muzokaralar stolida qolishini, biroq Vashington yana harbiy kuch ishlatsa, munosib javob berishini ma’lum qildi:

Agar siz diplomatiyani tanlasangiz — biz muzokaralar stolida qolamiz. Ammo bombardimon qilishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, Eron xalqi va mudofaa kuchlarining kuchli zarbasini yana bir bor tatib ko‘rasiz.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar