Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH prezidenti Donald Trampning Eron yadroviy obyektlari yo‘q qilinganiga oid da’volarini inkor etdi va unga “orzu qilaver” deb javob qaytardi.
Xomanaiy 20-oktyabr kuni rasmiy saytida chiqish qilib, unda Trampning Eron bilan qayta muzokara olib borish taklifini ham rad etgan.
“Tramp bu borada orzu qilaveraversin”, degan Xomanaiy.
Unga ko‘ra, AQSHning Eron bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokara qilish huquqi yo‘q.
“Agar bir mamlakat yadroviy dasturga ega bo‘lsa, boshqa davlatlar unga nima qilishni buyurishga haqli emas”, degan Eron rahnamosi.
Xomanaiy Trampni “kelishuv emas, majburlash siyosatini yuritayotganlikda” ayblamoqda.
“Tramp o‘zini yaxshi bitim tuzuvchi deb biladi. Ammo agar kelishuv zo‘rlik bilan bo‘lsa, bu muzokara emas, balki tazyiq va tahqirdir”, degan u.
Tramp nima degandi?
O‘tgan hafta Tramp Isroil parlamenti — Knessetda so‘zga chiqib, AQSH Eron yadroviy obyektlarini butkul yo‘q qilganini yana bir bor ta’kidlagan edi.
“Biz Eronning yadro markazlariga 14 ta bomba tashladik. Buni boshidanoq aytgandim — biz ularni butkul yo‘q qildik. Bu tasdiqlangan”, degan edi Tramp.
Shuningdek, u “Fox News” telekanalida chiqish qilib, bu harbiy operatsiyani “eng go‘zal harbiy amaliyot” deb atagandi. Uning fikricha, bu hujumlardan so‘ng Eron Yaqin Sharqdagi bosim o‘tkazuvchi davlat maqomini yo‘qotgan.
Ma’lumot o‘rnida, iyun oyining o‘rtalarida Isroil Eron hududiga hujum uyushtirib, ikki davlat o‘rtasida 12 kunlik urush bo‘gan edi. AQSH ham qisqa vaqt davomida bu operatsiyaga qo‘shilib, Eron yadroviy obyektlariga zarba bergan edi.








