Britaniyaliklarning 80 foizdan ortig‘i qirol Chariz III ning ukasi — Endryu Mauntbetten-Vindzorni moliyachi-pedofil Jeffri Epshteyn bilan aloqalari sabab taxt vorisligi tartibidan chiqarishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu 20-fevral kuni YouGov o‘tkazgan so‘rovnomada ma’lum bo‘ldi.
Tadqiqot kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 7 mingdan ortiq britaniyaliklarning 82 foizi Endryu vorislik navbatidan chetlatilishi kerak degan fikrni bildirgan. Respondentlarning 6 foizi bu choraga qarshi chiqqan, 12 foizi esa aniq javob berishga qiynalgan.
2025-yilda qirollik unvonlaridan mahrum etilganiga qaramay, Endryu Mauntbetten-Vindzor Britaniya monarxiyasi taxt vorisligi ro‘yxatida hanuz sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi. U Sasseks gersogi va gersoginyasining farzandlari — shahzoda Archi hamda malika Lilibetdan keyin joylashgan.
Avvalroq 19-fevral kuni sobiq shahzoda Endryu xizmat mavqeyini suiiste’mol qilishda gumonlanib, Britaniya politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan edi. O‘n ikki soat davom etgan so‘roqdan so‘ng u qo‘yib yuborilgan.
Qirol Charlz III 2025-yil oktyabr oyida ukasini qirollik unvonlaridan mahrum qilgan hamda Jeffri Epshteyn bilan aloqalari sabab Endryuning qirollik qarorgohini tark etishini ma’lum qilgan edi. Sobiq shahzoda esa bir necha bor o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, Epshteyn bilan do‘stona munosabatda bo‘lganidan afsusda ekanini bildirgan.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergov jarayonida yuzaga chiqqan da’volarni o‘rganmoqda. Unga ko‘ra, Endryu 2001—2011-yillar oralig‘ida Buyuk Britaniyaning xalqaro savdo va investitsiyalar bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlagan paytda Epshteynga maxfiy ma’lumotlarni uzatgan bo‘lishi mumkin.








