Fransiyaning “PSJ” klubi Madridning “Real” jamoasi hujumchisi Kilian Mbappega sud qaroriga binoan to‘lanishi zarur bo‘lgan 6 million yevrodan 4 millionini o‘tkazib berdi. Bu haqda L’Equipe nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, sud ijrochilarining tashrifidan so‘ng Parij klubi sobiq hujumchisiga qisman to‘lovni amalga oshirgan. Avvalroq sud “PSJ”ni futbolchiga jami 60,9 mln yevro to‘lashga majbur qilgan — bunga ish haqi bo‘yicha qarzdorlik, bonuslar va hisoblangan foizlar kiradi.
Asosiy summa ilgariroq to‘langan, biroq qolgan 2 mln yevro masalasi hanuz bahsli bo‘lib qolmoqda. Klub rahbariyati esa futbolchi bilan to‘liq hisob-kitob qilinganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, mojaro Mbappening 2024-yil yozida “Real Madrid”ga erkin agent sifatida o‘tishi ortidan yuzaga kelgan. Muzokaralar davom etmoqda va yana sud organlarining aralashuvi ehtimoldan xoli emas.
Ma’lumot o‘rnida, Mbappe joriy mavsum barcha musobaqalar doirasida jami 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, 38 ta gol va 6 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan tuzilgan shartnomasi 2029-yil yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali Mbappening bozor qiymatini 200 million yevroga baholagan.
Avvalroq Mbappe 2025-yilda eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylangani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, fransiyalik hujumchi o‘tgan bir kalendar yili davomida 59 ta gol urib, Krishtianu Ronalduning 2013-yilda “Real” safida qayd etgan natijasini takrorlagan.








