Fransiyaning “PSJ” klubi “Manchester Siti” hujumchisi Erling Holandni sotib olish bo‘yicha strategik harakatlarni boshladi. Bu haqda Fichajes nashri xabar bermoqda.
Parijliklar rahbariyati norvegiyalik futbolchining transferi bo‘yicha dastlabki so‘rovlarni yuborgan. Ma’lum qilinishicha, ushbu yirik xarid klubning boshqa a’zolari, xususan, Usmon Dembelening jamoadagi kelajagiga hech qanday ta’sir qilmaydi. “PSJ” rahbariyati Holandni jamoaning yetakchisi hamda Chempionlar Ligasidagi asosiy futbolchisi sifatida ko‘rmoqda.
Pep Gvardiolaning mavsum yakunida “Manchester Siti”ni tark etishi mumkinligi ushbu transferni amalga oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Manbaga ko‘ra, agar mutaxassis Angliyadan ketsa, Holand ham yangi chaqiriqlarni qabul qilishga tayyor. Hozirda futbolchining “shaharliklar” bilan amaldagi shartnomasi 2034-yilgacha mo‘ljallangan bo‘lsa-da, “PSJ” uni o‘z safiga qo‘shib olish niyatidan qaytmagan.
Iqtisodiy jihatdan parijliklar uchun hech qanday to‘siq mavjud emas. Xabarda aytilishicha, “PSJ” yaqin vaqt ichida Holand uchun rekord darajadagi — 200 million yevrolik taklif bilan chiqishga tayyor. Agar ushbu transfer amalga oshsa, norvegiyalik yulduz futbol tarixidagi eng qimmat xaridlardan biriga aylanadi. Ayni damda “Manchester Siti” vaziyatni kuzatayotgan bo‘lsa, “PSJ” rahbariyati futbolchining vakillari bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.








