Daryo

O‘zbekistonning birinchi ilmiy sun’iy yo‘ldoshi Yaponiyada yig‘iladi

7 nafar o‘zbekistonlik talaba Yaponiyada sun’iy yo‘ldoshni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish jarayonlarida ishtirok etmoqda. Qurilma yerni masofadan zondlash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan.

1 daqiqa o‘qish4 068 ko‘rishlar0 izoh4

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov O‘zbekistonning ilk ilmiy sun’iy yo‘ldoshi Yaponiyada yig‘ilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali efirida xabar berildi.

Prezidentga namoyish etilgan taqdimotda qayd etilishicha, loyiha doirasida yetti nafar o‘zbekistonlik talaba Yaponiyaning Kyutech institutida amaliy ishlarda ishtirok etmoqda. Aynan shu yerda mamlakatning birinchi ilmiy sun’iy yo‘ldoshi ustida yig‘ish va sinov jarayonlari olib borilmoqda.

Sun’iy yo‘ldosh yerni masofadan zondlash va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan. Mutaxassislar qurilmaning konstruksiyasi, foydali yuklamasi, quyosh panellari va orbitadagi ishlash mexanizmlari bo‘yicha texnik yechimlar ishlab chiqayotgani qo‘shimcha qilingan.

Mas’ullarga loyiha bo‘yicha hisob-kitoblarni aniqlashtirish, boshqaruv va ma’lumotlarni qayta ishlash infratuzilmasini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berilgan. Shuningdek, milliy kosmik dastur doirasida ilmiy kadrlar tayyorlashni kengaytirish vazifasi qo‘yilgan.

Ushbu taqdimotda mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni uchirish taklif qilingandi.

Shuningdek, 2028-yilda Samarqand shahrida kosmos bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazish masalalariga ham to‘xtalib o‘tilgan. Unda AQSH, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar