Daryo

Oʻzbekistonda 2026-yilda gaz qazib olish hajmi qisqaradi

Yillik hajm 1,5 mlrd m³ga kamayishi kutilmoqda. Kelasi yillarda esa oʻsish kuzatilishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish8 818 ko‘rishlar1 izoh0

Oʻzbekistonda 2026-yilda 40,2 mlrd m³ tabiiy gaz qazib olish rejalashtirilgan. Mazkur maqsad yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan.

Hujjatga koʻra, joriy yilda mamlakatda 2025-yildagidan (41,7 mlrd m³) 1,5 mlrd m³ga kam gaz qaziladi. Kelasi yillardagi hajmlar oshib, quyidagicha shakllanishi kutilmoqda:  

  • 2027-yilda—42,9 mlrd m³;
  • 2028-yilda—44,5 mlrd m³;
  • 2029-yilda—45,5 mlrd m³;
  • 2030-yilda—48,5 mlrd m³.
Avvalgi, 2023-yilda tasdiqlangan strategiyada 2030-yilgacha gaz qazib olish hajmini 62 mlrd m³ga yetkazish maqsadi belgilangandi. Oʻtgan ikki yilda rejadagi hajm qariyb 13,5 mlrd m³ga kamaytirilgan. 
Foto: “Daryo”

Aslida gaz hajmi qisqarmoqda

Oʻzbekistonda 2010—2022-yillar orasida gaz qazib olish hajmi yillik 50 mlrd m³ dan yuqori boʻlgan. Masalan, 2010-yildagi koʻrsatkichlar qariyb 66 mlrd m³ edi. Lekin 2023-yildan (46,7 mlrd m³) boshlab hajm sezilarli qisqarish trendiga oʻtgan.
Bundan ikki yil ilgari energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov Oʻzbekistondagi 85 foiz konlardan tabiiy gaz qazib olib boʻlinganini aytgandi.

“Hozir konlarga borgan sari chuqur kirib borilmoqda. Ulardan gaz qazib chiqarishda siquv kompressor stansiyalarida muammolar yuzaga kelib, qoʻshimcha vaqt va xarajat ketmoqda. Buning oqibatida mahsulot tannarxi oshyapti. Eskirgan texnologik uskunalarimizda avariyalar koʻpaygan. Ularni vaqtida modernizatsiya qila olmaganimiz sababli kompressor stansiyalardagi agregatlarda toʻxtash holatlari bor”, deya vaziyatni izohlagan u.

​2023-yil avgustidagi maʼlumotlarga koʻra, respublikada konlardagi gaz zaxiralarining umumiy hajmi 1,8 trln m³ni tashkil etadi. Mazkur zaxiralarning yarmi “Oʻzbekneftgaz” konlariga tegishli.
Foto: “Daryo”

Gazga subsidiya

Mamlakatda aholi uchun past narxda yetkazilgan gaz va elektr energiyasi uchun davlat byudjetidan subsidiya toʻlab kelinadi. Mazkur maqsad uchun 2026-yilda byudjetdan 5,9 trln soʻm, 2027-yilda 5,5 trln soʻm, 2028-yilda 5 trln soʻm subsidiya berilishi belgilangan.

Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

2024-yil 18-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Senat yalpi majlisida bosh vazir oʻrinbosari—iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov gazga subsidiya berish qachon toʻxtatilishini aytgandi.

“Subsidiyalash 2025-2026-yillarda ham davom etadi, 2027-yil keskin pasayadi, 2028-yildan boshlab subsidiyalar byudjetdan berilmaydi”, degan hukumat mulozimi.

Respublikada elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari oʻsishda davom etsa-da, subsidiyalash toʻxtatilmayapti. Energiya resurslari tariflarini har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda oshirib borish belgilangan. Iqtisodchilar samarasiz subsidiyalashni toʻxtatish kerakligini aytib keladi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar