Adliya vazirligi “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini e’lon qildi. Hujjat bilan davlat bayrog‘idan foydalanish va uni namoyish etish tartibini yanada aniq belgilash nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, bayroqni dastasiz vertikal holatda devor yoki boshqa konstruksiyaga osish tartibi alohida modda bilan mustahkamlanadi. Unda oy va 12 ta yulduz tasviri yuqori o‘ng burchakda joylashishi, bayroqning pastki qismi yer sathidan kamida 30 santimetr baland bo‘lishi shartligi belgilanyapti. Bayroqni teskari, notekis yoki estetik ko‘rinishini buzuvchi holatda namoyish etish, uning ustiga buyum qo‘yish hamda hurmatsizlikni ifodalovchi har qanday xatti-harakatlar qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, majlislar zallarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida va diplomatik vakolatxonalarda bayroqni joylashtirish talablari aniqlashtirilmoqda. Boshqa bayroqlar bilan birga namoyish etilganda O‘zbekiston davlat bayrog‘i ustuvor ravishda markazda yoki o‘ng tomonda joylashtirilishi kerak bo‘ladi. Ommaviy tadbirlarda saf tortish tartibida bayroq old o‘ng qanotda yoki markazda turishi, uni boshqa bayroqlardan keyin olib yurish taqiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha bilan ko‘chalar, maydonlar va jamoat joylarida vertikal osish qoidalari ham belgilanmoqda. Bundan tashqari, davlat bayrog‘ini tobut ustiga yopish tartibi alohida modda bilan mustahkamlanib, kimlarga ruxsat berilishi va marosimdagi joylashuv qoidalari ko‘rsatib o‘tilmoqda. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Qonun loyihasida, shuningdek, hukumat qarorlarini yangi normalarga muvofiqlashtirish hamda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasi belgilangan. Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlarga hujjat mazmunini aholiga tushuntirish hamda ijrosini ta’minlash topshirilishi nazarda tutilmoqda.








