Ukraina Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga nisbatan sanksiyalar paketini joriy qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy oʻzining Telegram kanalida xabar berdi.
“Bugun Ukraina Aleksandr Lukashenkoga qarshi sanksiyalar paketini qo‘lladi va biz ukrainaliklarni o‘ldirishga yordam berishning barcha shakllariga qarshi kurashni sezilarli darajada faollashtiramiz”, dedi Zelenskiy.
U bu choralar global ta’sir ko‘rsatishi uchun Ukraina hamkor davlatlar bilan ishlashini ta’kidladi. Zelenskiy 2025-yilning ikkinchi yarmida rossiyaliklar Belarus hududida zarba beruvchi dronlarni boshqarish uchun retranslyatorlar tizimini ishga tushirganini aytdi. Bu Rossiya armiyasining Ukrainaning shimoliy hududlariga, xususan, Kiyevdan Volin viloyatigacha zarba berish imkoniyatini oshirgan.
Bundan tashqari, Belarusning 3 mingdan ortiq korxonasi Rossiyaga muhim texnika, asbob-uskunalar va butlovchi qismlarni yetkazib turibdi. Ular Ukrainaga uchiriladigan raketalarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan komponentlar hisoblanadi.Belarus yordam bermaganida, dushman energetika obyektlari va temiryo‘l infratuzilmasiga ayrim zarbalarni amalga oshirolmagan bo‘lardi, dedi Ukraina rahbari.
“Belarus hududida o‘rta masofali raketalarni joylashtirish uchun infratuzilmani rivojlantirish davom etmoqda Bu nafaqat ukrainaliklar, balki barcha yevropaliklar uchun ochiq tahdiddir. Aleksandr Lukashenko Belarus hududini “Oreshnik” ballistik raketa uchun taqdim etish bilangina cheklanib qolmadi. 2025-yili mamlakat korxonalari Rossiyaga ushbu qurolning muhim qismlari, komponentlari va mexanik bazasini yetkazib bergan”, dedi Zelenskiy.
U 2026-yilda ham yetkazib berish davom etayotganini ma’lum qildi.
Sanksiyalar aktivlarni blokirovka qilish, ulardan foydalanishni taqiqlash, savdo operatsiyalarini to‘liq to‘xtatish, Ukrainadan yer, mulk sotib olish va mamlakatga kirishni taqiqlashni nazarda tutadi.“Aleksandr Lukashenko anchadan beri shaxsiy hokimiyatini davom ettirish uchun Belarus suverenitetini ayirboshlamoqda, rossiyaliklarga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bermoqda. Rossiya urushini faol oqlamoqda, endi esa o‘zining ishtirokini ham kengaytirmoqda”, deya xulosa qildi Ukraina prezidenti.








