Kataloniyaning “Barselona” klubi “Manchester Yunayted”dan ijaraga olingan Markus Reshfordni jamoada saqlab qolish ustida ish olib bormoqda. Insayder Ben Jeykobsning ma’lum qilishicha, yanvar oyida klublar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan va unda angliyalik futbolchining kelajagi muhokama qilingan.
Manbaga ko‘ra, “Barselona” shartnomada ko‘rsatilgan 30 million yevrolik sotib olish bandini faollashtirishni istamayapti. Buning o‘rniga kataloniyaliklar “Manchester Yunayted”ga kamroq summa taklif qilgan. Shuningdek, futbolchini majburiy sotib olish sharti bilan yana bir mavsumga ijaraga olish varianti ham ko‘rib chiqilgan.
Qayd etilishicha, Reshfordning o‘zi ham “Kamp Nou”da qolishni xohlamoqda. “Barselona” rahbariyati esa uni jamoada saqlab qolish niyatida. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar mavsum oxiriga yaqin yana davom etishi kutilmoqda.
Reshfordning kataloniyaliklar bilan shartnomasi 2026-yilning yozida yakunlanadi. Agar kataloniyaliklar sotib olish bandini faollashtirmasa, ular “Manchester Yunayted”ga 5 million yevro miqdorida kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi. To‘liq transfer amalga oshirilgan taqdirda, “Barselona” futbolchini 30–35 million yevro atrofidagi summaga sotib olishi zarur.
Ma’lumot uchun, Reshford “ko‘k-anorranglilar” tarkibida hozirga qadar jami 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 7 ta gol va 11 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.








