Ispaniya La Ligasining 10-turidan o‘rin olgan “Real Madrid” hamda “Barselona” o‘rtasidagi bahs yakuniga yetdi. “Santyago Bernabeu” stadionida o‘tgan bellashuvda “qirollik klubi” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuv yuqori sur’atlarda boshlandi. 12-daqiqada Kilian Mbappening goli ofsayd tufayli VAR orqali bekor qilindi. Shunga qaramay, 22-daqiqada fransiyalik hujumchi o‘z imkoniyatidan foydalandi. Kilian Jud Bellingemning uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi — 1:0.
“Barselona” bu golga tezda javob qaytardi. 38-daqiqada 22 yoshli yarim himoyachi Fermin Lopes Markus Reshfordning pasidan so‘ng hisobni tenglashtirdi — 1:1. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, “qaymoqranglilar” yana oldinga chiqib oldi. 43-daqiqada Jud Bellingem Eder Militaoning uzatmasidan so‘ng darvozani aniq nishonga oldi — 2:1.
Ikkinchi bo‘limda “Real” Mbappe penalti orqali hisobni farqni yanada oshirishi mumkin edi. Biroq fransiyalik hujumchi 11 metrlik jarima zarbasidan unumli foydalana olmadi.
Mazkur hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi va “Real” 10-turda g‘alaba qozonib, muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Hozirda “qirollik klubi” 27 ochko bilan turnir jadvalining birinchi pog‘onasidan joy olgan. 22 ochkosi bor “Barselona” esa 2-o‘rinni egallab turibdi.
Ispaniya La Ligasi
10-tur“Real Madrid” — “Barselona” 2:1
Gollar: 1:0 — Mbappe (22), 1:1 — Fermin (38), 2:1 — Bellingem (43)








