UFC Shon-sharaf zali a’zosi, shuningdek, UFC o‘rta vazn (84 kg) toifasida sobiq chempion bo‘lgan britaniyalik Maykl Bisping 34 yoshli amaldagi UFC yarim o‘rta vazn chempioni rossiyalik Islom Maxachevning navbatdagi raqibi irlandiyalik Ian Garri bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi.
“Ian Garri va Islom Maxachev o‘rtasida jang bo‘ladimi? Buning ehtimoli juda yuqori. Garri yarim o‘rta vazn toifasida dunyo reytingining birinchi raqamli jangchisi hisoblanadi. U yo‘lida uchragan ko‘plab kuchli raqiblarni mag‘lub etdi. Albatta, Garri birinchi da’vogar maqomi uchun Shavkat Rahmonov bilan jang qilib, besh raundga bardosh berdi va so‘nggi bo‘limda g‘alabaga juda yaqin keldi”, deydi Bisping.
Shundan so‘ng Garri yana oktagonga qaytdi va jang qilishda davom etdi. So‘nggi jangida Ian sobiq chempion Belal Muhammadni mag‘lub etdi. Undan oldin esa yarim o‘rta vazndagi eng mashhur jangchilardan biri — Karlos Prates ustidan g‘alaba qozondi.
“Uning faoliyati davomida erishgan yutuqlarini inkor etib bo‘lmaydi — mutlaqo mumkin emas. Qanchalik xohlamang, buni rad eta olmaysiz. Ian divizionning eng kuchli jangchilari — Jeff Neal, Karlos Prates va Belal Muhammad bilan to‘qnash kelganida nima qildi? U bu janglarning barchasida g‘alaba qozondi”, deya fikrini yakunlagan sobiq chempion.
Ma’lumot uchun, Ian Garri professional MMA’dagi faoliyati davomida 18 ta jang o‘tkazib, ularning 17 tasida g‘alaba qozongan. Uning yagona mag‘lubiyati qozog‘istonlik Shavkat Rahmonovga qarshi bahsda qayd etilgan.
Avvalroq, yengil vazn toifasida UFC chempioni Ilya Topuriyaning murabbiyi Xavi Kliment yaqin kelajakda Maxachevga qarshi jang tashkil etilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.








