Mashhur MMA menejeri Ali Abdulaziz UFC promousheni yarim o‘rta vazn toifasining amaldagi chempioni Islam Maxachev ishtirokida katta to‘qnashuv tayyorlayotganini e’lon qildi.
“Shuni aytishim mumkinki, UFC Islam Maxachev uchun ulkan jang ustida ish olib bormoqda. Gap Ian Gerri haqida ketmayapti. Raqib ancha mashhurroq. Bu hozirgi vaqtda UFC tashkil qilishi mumkin bo‘lgan eng yirik janglardan biri bo‘ladi. Biz bilan qoling”, deb yozdi Maxachevning menejeri ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Avvalroq Maxachev bilan jangga asosiy da’vogarlar sifatida Ian Garri va Maykl Morales ko‘rilayotgan edi. Shuningdek, Islomning o‘zi Kamaru Usmon bilan kuch sinashish istagi borligini bildirgan edi.
Xabarlarga ko‘ra, Maxachev ishtirokidagi himoya jangi UFC’ning Oq uydagi turnirida o‘tkazilishi kutilmoqda. Ma’lumot uchun, MMA olamida 2026-yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘lishi aytilayotgan ushbu musobaqa 14-iyun kuni tashkil etiladi.
Dastlab rasmiy manbalarda turnir AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan 4-iyul sanasiga rejalashtirilgani qayd etilgan edi. Biroq logistika masalalari inobatga olinib, tadbir 14-iyun sanasiga ko‘chirilgan. Aynan shu kuni AQSH prezidenti Donald Tramp 80 yoshga to‘ladi.
Donald Trampning ta’kidlashicha, Oq uy qarshisida quriladigan arena 100 ming nafargacha tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘ladi. Bu Oq uy hududida o‘tkaziladigan tarixdagi ilk professional sport tadbiri sifatida yilnomalardan joy oladi.








