AQSH prezidenti Donald Tramp Eron masalasida hokimiyat almashinuvi eng maqbul yechim bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. U ruhoniylar boshqaruvidagi tuzumni almashtirish g‘oyasini ochiq qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Tramp Eronga yetakchisi haqida aniq aytmadi, biroq buni qila oladigan shaxslar borligini bildirdi. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy hozircha bayonotga munosabat bildirmagan.
“47 yildan beri ular gapirib keladi. Bu vaqt ichida esa biz juda ko‘p insonlarni yo‘qotdik”, dedi Tramp.
AQSH Eronni yadroviy kelishuvga majbur qilish maqsadida Yaqin Sharqqa ikkinchi aviatashuvchisini yubordi.
Trampning aytishicha, “Jerald Ford” aviatashuvchisi juda yaqin vaqt ichida Karib dengizi hududidan Yaqin Sharqqa ko‘chiriladi va yaqinda u yerda joylashgan “Abraham Linkoln” kemasiga qo‘shiladi.
AQSH departamenti va Pentagon yanvar oyida Abraham Linkoln aviatsiya tashuvchisini Yaqin Sharq tomon yuborgan edi. O‘shanda Qo‘shma Shtatlar Eron hukumatining ommaviy norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirishiga javoban zarba berish bilan tahdid qilgandi.
Bu namoyishlarda minglab odamlar halok bo‘ldi. Mazkur norozilik to‘lqini 1979-yildagi Islom inqilobidan buyon Erondagi eng keskin siyosiy silkinishlardan biri bo‘ldi. Inqilob oqibatida oliy rahbar boshchiligidagi ruhoniylar tizimi o‘rnatilgan edi.
Donald Tramp agar yadroviy kelishuvga erishilmasa, Eronga zarba berish bilan tahdid qilgan bo‘lsa-da, Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng Tehron bilan muzokaralar davom etishini ta’kidladi.
Yaqin Sharq mamlakatlari Eron hujumdan qochish uchun nima qilishi kerakligi haqidagi savolga Tramp shunday javob berdi: “Eron AQShning dastlabki talablariga rozi bo‘lishi kerak”.
AQSH Eronni uranni boyitishni to‘xtatishga undamoqda. Netanyaxu hukumati esa Tehron ballistik raketalar dasturini qisqartirishi hamda HAMAS va “Hizbulloh” kabi ittifoqchi guruhlarga ko‘makni to‘xtatishi kerakligini talab qilmoqda.
Eron hozircha sanksiyalar yengillashtirilishi evaziga yadroviy dasturini cheklashga tayyor ekanini bildirgan. Biroq mamlakat prezidenti Masʼud Pezeshkiyon Eron AQSH va Isroilning haddan tashqari talablariga bo‘ysunmasligini ta’kidlagan.








