Daryo

“Tottenhem” va yana 7 ta grand klub jar yoqasida: 2025/26-yilgi mavsum qaysi jamoalar elitani tark etishi mumkin?

Moliyaviy xatolar, muvaffaqiyatsiz kadrlar siyosati yoki shunchaki omadsizlik. Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo natija bitta: afsonaviy jamoalar sharmandali tarzda quyi ligaga tushib ketish arafasida turibdi. Quyida joriy mavsum yomon natijalari ortidan pastki divizionga yo‘l olishi mumkin bo‘lgan sakkizta klub haqida so‘z yuritiladi.

7 daqiqa o‘qish9 114 ko‘rishlar0 izoh5

2025/26-yilgi futbol mavsumi chinakam kutilmagan voqealarga boy bo‘lmoqda. Yaqin vaqtgacha o‘z chempionatlarining yetakchisi hisoblangan jamoalar bugun jon saqlab qolish uchun kurashmoqda. Moliyaviy xatolar, muvaffaqiyatsiz kadrlar siyosati yoki shunchaki omadsizlik. Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo natija bitta: afsonaviy jamoalar sharmandali tarzda quyi ligaga tushib ketish arafasida turibdi. Quyida joriy mavsum yomon natijalari ortidan pastki divizionga yo‘l olishi mumkin bo‘lgan sakkizta klub haqida so‘z yuritiladi.

“Tottenhem” (Angliya): Premyer Ligadagi kutilmagan natijalar

Londonning “Tottenhem” klubi o‘z tarixidagi eng og‘ir davrlardan birini boshdan kechirmoqda. “Nyukasl”ga qarshi kechgan so‘nggi bahsdagi mag‘lubiyat (1:2) jamoani turnir jadvalining quyi qismiga yanada yaqinlashtirdi. Ayni paytda “shporlar”ni xavfli hududdan bor-yo‘g‘i besh ochko ajratib turibdi. Bunday holat klub muxlislari va rahbariyati uchun kutilmagan zarba bo‘ldi.

Raqamlar jamoaning qanchalik chuqur inqirozga botganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Noyabr oyida Shimoliy London derbisida “Arsenal”ga qarshi o‘tkazilgan bahsdan buyon “Tottenhem” ochko yig‘ish borasida ligada eng yomon natijalardan birini qayd etmoqda. Ushbu muddat ichida faqat autsayderlar — “Byornli” va “Vulverhempton” jamoalarigina londonliklardan kamroq ochko jamg‘argan, xolos.

Foto: MSN

Klub rahbariyati vaziyatni o‘nglash maqsadida Tomas Frankni iste’foga chiqardi. Biroq mutaxassislar va sobiq futbolchilarning fikricha, muammo faqat murabbiyda emas. Mashhur ekspert Glen Xoddl TNT Sports efirida ta’kidlaganidek, jamoaning muammolari strategik xatolardan tortib, futbolchilarning g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoqi (mentallik) pasayib ketganigacha borib taqaladi. Tomas Frankning ketishi vaqtinchalik yechim bo‘lishi mumkin, ammo jamoa tarkibidagi tarqoqlik va o‘yin uslubidagi tushunarsiz vaziyatlar yangi keladigan murabbiy uchun ham o‘ta og‘ir vazifani yuklaydi.

Premyer Liga grandlari qatorida sanaladigan jamoaning jon saqlash uchun kurashayotgani futbol jamoatchiligi uchun yilning eng katta omadsizligi sifatida ko‘rilmoqda. Agarda jamoa zudlik bilan o‘z o‘yinini topa olmasa va ketma-ket g‘alabalarga erishmasa, kelasi mavsumni Chempionshipda o‘ynash ehtimoli kundan-kunga haqiqatga yaqinlashib boraveradi.

“Valensiya” (Ispaniya): 37 yillik an’ana xavf ostida

Ispaniya futbolining eng nomdor klublaridan biri bo‘lgan “Valensiya” o‘z tarixidagi eng qora kunlarni boshdan kechirmoqda. 1987-yildan buyon mamlakat oliy divizioni — La Ligada uzluksiz ravishda qatnashib keladigan “ko‘rshapalaklar” ayni paytda turnir jadvalining 17-pog‘onasini egallab turibdi. Jamoani quyi ligaga tushib ketish zonasidan atigi bir ochko ajratib turibdi.

Mazkur inqirozli holat jamoa uchun yangilik emas. O‘tgan mavsumda ham “Valensiya” xuddi shunday jar yoqasiga kelib qolgan edi. O‘shanda jamoa aqlbovar qilmas iroda ko‘rsatib, ketma-ket to‘qqizta o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan va so‘nggi pallada elitada jon saqlab qolgan edi. Biroq joriy mavsumda bunday “sakrash” hali kuzatilmadi. Aksincha, jamoa o‘yinida tushunarsiz sustkashlik va taktik inqiroz ko‘zga tashlanmoqda.

Foto: Getty Images

Vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan asosiy omil — turnir jadvalidagi matematik holatdir. Ayni paytda “Valensiya”dan pastda borayotgan barcha uchta jamoada ham zaxira o‘yinlari mavjud. Agar raqiblar ushbu qoldirilgan o‘yinlarda g‘alaba qozonishsa, “Valensiya” avtomatik ravishda jadvalning eng tubiga sho‘ng‘iydi. Bu esa klubning taqdiri o‘z qo‘lida emasligidan dalolat beradi.

“Lester Siti” (Angliya, Chempionship): Mo‘jiza yaratgan jamoaning fojeasi

Yaqin-yaqinga qadar yana yuqori divizionga qaytish uchun asosiy favorit sanalgan “Lester”ning ham ishlari yaxshi emas. Chempionship turnir jadvalining 21-pog‘onasiga tushib ketgan “tulkilar”ni quyi liga tushib ketish arafasida turibdi.

So‘nggi haftalar klub uchun chinakam dahshatli tushga aylandi. Jamoaning moliyaviy barqarorligi buzilishi ortidan qo‘llanilgan sanksiyalar natijasida “Lester” hisobidan 6 ochko olib tashlandi. Bu turnir jadvalidagi holatni yanada og‘irlashtirdi. Vaziyatni o‘nglashga harakat qilgan murabbiyning iste’foga chiqarilishi ham kutilgan natijani bermadi, aksincha, jamoaning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Strategik noaniqlik va ichki muammolar “tulkilar”ni jar yoqasiga yetaklab keldi.

Foto: Getty Images

Jamoaning maydondagi o‘yini ham muxlislar uchun haqiqiy fojiaga aylanmoqda. Ayniqsa, “Sautgempton”ga qarshi kechgan uchrashuv “Lester”ning bugungi inqirozini yaqqol ko‘rsatib berdi. O‘yin davomida 3:0 hisobida oldinda borayotgan jamoa uchrashuv yakunida 3:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bunday mag‘lubiyat muxlislarning sabr kosasini to‘ldirdi. Tribunalardan yangragan “Siz bu libosga loyiq emassiz!” degan hayqiriqlar klub va uning tarafdorlari o‘rtasidagi aloqalar butunlay uzilganidan dalolat bermoqda.

Oldinda “Lester”ni o‘ta murakkab va og‘ir taqvim kutib turibdi. Agar zudlik bilan kiyinish xonasidagi muhit o‘nglanmasa va yangi murabbiy jamoani birlashtira olmasa, 2016-yilgi Premyer Liga chempionlari uchun kelasi mavsumni uchinchi divizionda boshlashga majbur bo‘ladi.

“Vest Bromvich” va “Uigan”: Ingliz futbolining unutilayotgan nomlari

1990-yillarning boshidan buyon uchinchi divizion nimaligini bilmagan “Vest Bromvich” hozirda quyi ligaga tushib ketish hududidan atigi ikki ochko masofada turibdi. G‘alabasiz o‘tgan sakkizta o‘yin jamoani jarlik sari yetaklamoqda. 2013-yilda Angliya Kubogini qo‘lga kiritgan “Uigan Atletik”ning ahvoli esa yanada achinarli. Hozirda jamoa uchinchi divizion (Liga 1)da 22-o‘rinni egallab turibdi. “Piterboro”dan uchralgan qaqshatqich mag‘lubiyatdan (1:6) so‘ng murabbiy Rayan Lou iste’foga chiqarildi. Endi jamoaning taqdiri yangi tayinlanadigan mutaxassisga bog‘liq.

“Volfsburg” (Germaniya): Germaniya sobiq chempioni xavf ostida

Germaniyaning “Volfsburg” klubi ham jiddiy inqiroz girdobida qoldi. 1997-yildan buyon mamlakat oliy divizionining doimiy ishtirokchisi bo‘lib kelayotgan va 2009-yilda Bundesliga chempionligini tantana qilgan “bo‘rilar” bugun mutlaqo boshqa maqsadlar uchun kurashishga majbur bo‘lmoqda. Ayni damda jamoani quyi ligaga tushib ketish zonasidan atigi ikki ochko ajratib turibdi, bu esa klub atrofidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Yaqin yillargacha Germaniya futbolining barqaror jamoalaridan biri, muntazam ravishda yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashadigan “Volfsburg”ning bunday holatga tushishini mavsum boshida hech kim tasavvur qilmagan edi. Germaniya futbol jamoatchiligi 29 yil davomida oliy ligada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan klubning bu qadar ojiz holatga kelib qolganidan hayratda.

Foto: Getty Images

Mavsum yakuniga qadar vaziyatni o‘nglash uchun jamoada 13 ta o‘yin bor. Biroq Bundesligadagi raqobat va jadvalning quyi qismidagi o‘ta zichlik “Volfsburg”dan har bir o‘yinga finaldek yondashishni talab qiladi. Mutaxassislarning fikricha, jamoa zudlik bilan o‘z o‘yin uslubini o‘zgartirishi va futbolchilarning ruhiy holatini tiklashi shart. Aks holda, Germaniya futboli o‘zining nomdor klublarining biridan ayrilishi mumkin.

“Fiorentina” (Italiya): “Siyohranglilar”ning kutilmagan inqirozi

Italiya futbolining eng nomdor jamoalaridan biri — “Fiorentina” ayni paytda chuqur inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. Turnir jadvalining 18-pog‘onasiga tushib ketgan “siyohranglilar”ni ko‘rish nafaqat florensiyalik muxlislar, balki butun A Seriya ishqibozlari uchun o‘ta og‘riqli manzaraga aylandi.

Vaholanki, bor-yo‘g‘i bir mavsum avval “Fiorentina” mutlaqo boshqa darajadagi futbol namoyish etayotgan edi. O‘shanda jamoa A Seriyani kuchli oltilikda yakunlab, yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan, Konferensiyalar Ligasida esa yarim finalga qadar yetib borgan edi. Oradan bir yil o‘tib, o‘sha shiddatli jamoadan asar ham qolmagani va uning tanib bo‘lmas darajada kuchsizlanib qolgani tahlilchilarning keskin tanqidlariga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Getty Images

Ushbu qulashning sabablari bir necha omillar bilan izohlanmoqda. Birinchidan, klub rahbariyati yozgi transfer oynasida jamoaning o‘zagini tashkil etgan yetakchi futbolchilarni sotib yubordi, biroq ularning o‘rni munosib kadrlar bilan to‘ldirilmadi. Ikkinchidan, jarohatlar epidemiyasi jamoaning asosiy tarkib futbolchilarini safdan chiqardi, bu esa murabbiylar shtabining taktik rejalarini butunlay o‘zgartirib yubordi. Ichki inqiroz va rahbariyat bilan yuzaga kelgan tushunmovchiliklar jamoani jarlik sari itarishda davom etmoqda.

“Legiya” (Polsha): Polsha futboli bayroqdori sharmandalik arafasida

Polsha futboli so‘nggi yillarda katta investitsiyalar va ichki raqobatning keskin o‘sishi bilan e’tibor markazida bo‘lib turgandi. Biroq mamlakatning xalqaro maydondagi eng taniqli jamoasi — Varshavaning “Legiya” klubi kutilmagan bosimga bardosh bera olmay, chuqur inqirozga yuz tutdi. Yaqin-yaqingacha yevrokuboklarda grandlarga qarshilik ko‘rsatgan jamoaning bugun o‘z ichki chempionatida autsayderlar qatoriga tushib qolgani futbol jamoatchiligini hayratga solmoqda.

Vaholanki, bor-yo‘g‘i bir yil avval “Legiya” Konferensiyalar Ligasi chorak finaliga qadar yetib borib, Angliyaning “Chelsi” klubiga munosib qarshilik ko‘rsatgandi. Ammo joriy mavsum jamoa uchun haqiqiy fojiaga aylandi. Varshava klubining o‘yini butunlay izdan chiqdi va turnir jadvalining eng quyi pog‘onalarini egallab turibdi.

Klubning bunday achinarli holati uning ashaddiy muxlislarini junbushga keltirdi. Polshadagi eng katta fan-klublardan biriga ega bo‘lgan “Legiya” tarafdorlari so‘nggi uchrashuvdagi durangdan so‘ng o‘z noroziliklarini ochiqdan-ochiq tahdid ko‘rinishida izhor qilishdi. Stadionda yangragan “agar quyi ligaga tushib ketsak, barchangizdan javob so‘raymiz!” degan hayqiriqlar Varshavada vaziyat naqadar jiddiyligini ko‘rsatmoqda. Bu shunchaki norozilik emas, balki klub rahbariyati va futbolchilari uchun so‘nggi ogohlantirish sifatida qabul qilinmoqda.

Foto: Getty Images

Mutaxassislarning fikricha, jamoaning bunday holatga tushishiga noto‘g‘ri transfer siyosati va ichki boshqaruvdagi nizolar sabab bo‘lgan. Mahalliy raqiblarning kuchayishi fonida “Legiya” o‘z yetakchiligini boy berib qo‘ydi. Polsha futboli bayroqdori o‘z tarixidagi eng og‘ir imtihonni topshirmoqda: yo jamoa o‘zini o‘nglab oladi yoki Varshava klubi sharmandalik bilan elitani tark etadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar