Daryo

“Saylov o‘t ochish to‘xtagandan keyingina bo‘lib o‘tadi” — Zelenskiy

Ukraina prezidenti 24-fevral, urushning to‘rt yilligida saylov va referendum o‘tkazilishini e’lon qilishi kutilgandi. Zelenskiy buni rad etib, saylovlar masalasini ba’zi hamkorlar ko‘tarayotganini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish3 779 ko‘rishlar0 izoh1

Ukraina xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lganda va Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatgandan keyingina saylov o‘tkazadi. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy xabar berdi.

Siyosatchi shu tariqa Financial Times nashri tarqatgan ma’lumotlarni rad etdi. Unda urushning to‘rt yilligida, ya’ni 24-fevral kuni Ukraina prezidenti mamlakatda saylov o‘tkazilishini e’lon qilishi aytilgandi. Bunga AQSH tomonidan 15-maygacha prezidentlik saylovi va referendum o‘tkazish talabi sabab bo‘layotgani ta’kidlangan.

“Biz barcha zarur xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lganda saylovlarga o‘tamiz. Agar Rossiya rozi bo‘lsa, yozgacha harbiy harakatlarni tugatish mumkin”, dedi Ukraina rahbari.

​

2022-yilda Rossiya bosqini boshlanganidan beri Ukrainada harbiy holat joriy etilgan va shu sabab saylovlar amalda to‘xtatilgan. 

“24 fevral — jiddiy sana, urushning 4 yili, minglab qurbonlar. Aynan shu kundan boshlab xalqimiz har kuni o‘z davlatini himoya qilib kelmoqda. Bu kunda qandaydir saylovlar e’lon qilinishi mumkin emas. Umuman saylovlarni e’lon qilish masalasiga kelsak — yana takrorlayman — avval xavfsizlik, keyin siyosat.

Barcha tegishli xavfsizlik kafolatlari ta’minlangach, saylovlarga o‘tishimiz mumkin. Saylov masalasini ba’zi hamkorlar ko‘tarmoqda. Ukraina o‘zi bu masalani hech qachon ko‘tarmagan. Ammo biz saylovga tayyormiz. Buni amalga oshirish juda oddiy — o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinsa, saylovlar bo‘ladi. Ya’ni bu xavfsizlik masalasi”, deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.

​

Harbiy holat sharoitida Oliy Rada (parlament)da saylov o‘tkazish mamlakat konstitutsiyasi bilan taqiqlangan. Prezident saylovlarini o‘tkazish esa konstitutsiyadan farqli o‘laroq, alohida qonunlar bilan tartibga solinadi va ular “rasmiy-huquqiy nuqtai nazaridan” o‘zgartirilishi mumkin. Buning uchun parlament deputatlarining ko‘pchilik ovozi va shundan so‘ng prezidentning farmoni talab etiladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar