Daryo

Zelenskiy 24-fevral kuni prezidentlik saylovi oʻtkazilishini e’lon qilmoqchi — FT

AQSH 15-maygacha Ukrainada saylov va referendum o‘tkazishni talab qilmoqda. Aks holda Kiyevni xavfsizlik kafolatlaridan mahrum qilish bilan tahdid qilgan.

1 daqiqa o‘qish5 924 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH Ukrainadan 15-maygacha prezidentlik saylovi va tinchlik bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qilmoqda. Bu haqda Financial Times ma’lumotlariga tayanib Meduza xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uy bahorgacha tinchlik muzokaralarini yakunlash maqsadida Kiyevga kuchli bosim o‘tkazmoqda. Aks holda Ukraina “AQSH taklif qilgan xavfsizlik kafolatlari”ni qo‘lga kirita olmasligi mumkin. Tramp xavfsizlik kafolatlari kengroq tinchlik kelishuvi bilan bog‘liq ekanini tushuntirgan. Bu kelishuv “ehtimol, Donbassdan voz kechishni talab qiladi” va Vashington unga 15-maygacha erishmoqchi.

4–5-fevral kunlari Abu Dabida boʻlib o‘tgan Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy AQSH urushni iyungacha yakunlashni xohlayotganini, chunki noyabrda AQSHda oraliq saylovlar bo‘lib o‘tishi va Vashington “shunga muvofiq” bosim o‘tkazishi mumkinligini aytgandi.

U Rossiya Donbassdan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqishni talab qilayotganini, biroq Kiyev “qayerda turgan bo‘lsak, o‘sha yerda turamiz” pozitsiyasini ilgari surayotganini bildirgan. Zelenskiyga yaqin manbalar urush sharoitida qisqa muddatda saylov o‘tkazish qiyin bo‘lishiga qaramay, prezident va jamoasi Oq uyga ijobiy signal berganini aytmoqda.

Ukraina va Yevropa rasmiylariga ko‘ra, Zelenskiy 24-fevral kuni — urushning to‘rt yilligi munosabati bilan — saylov va referendum o‘tkazilishini e’lon qilmoqchi. Ukraina prezidenti saylovda o‘z nomzodini qo‘yishi ehtimoli ham inkor etilmagan.

“Xavfsizlik bo‘lmaguncha saylovlar haqida e’lon ham bo‘lmaydi”, deydi Zelenskiyning atrofidagi manbalar.

Zelenskiy ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak esa belgilangan sana bo‘yicha shubha bildirib, saylovlarni o‘tkazish uchun kamida urushning faol bosqichi va raketa-dron hujumlari to‘xtatilishi zarurligini aytdi. Sababi urushning faol bosqichi yakunlanmasa, fuqarolar va nomzodlar o‘z huquqlaridan to‘liq foydalana olmasligini ta’kidladi. Bundan tashqari, Ukrainadagi hozirgi vaziyatni inobatga olgan holda ovoz berish tizimini to‘liq qayta tashkil etish uchun katta mablag‘ talab etiladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar