Oʻzbekistonda 2025-yilda elektron tijorat sohasidagi murojaatlar asosida 7,3 milliard soʻm fuqarolar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Qayd etilishicha, oʻtgan yilda ushbu soha boʻyicha 3 100 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati quyidagi tashkilotlarga tegishli boʻlgan.
- 851 ta (27,8 foiz) — Uzum Market;
- 842 ta (27,6 foiz — Uzum Nasiya;
- 329 ta (10,8 foiz — Yandeks;
- 168 ta (5,5 foiz) — Texnomart;
- 166 ta (5,4 foiz) — Ishonch;
- 150 ta (4,9 foiz) — Alif shop (alif moliya, alif nasiya);
- 115 ta (3,8 foiz) — Uzum Tezkor;
- 56 ta (1,8 foiz) — Openshop.uz;
- 54 ta (1,8 foiz) — ZoodMall;
- 46 ta (1,5 foiz) — Idea
Elektron tijorat subyektlarining faoliyatida shartnoma va uning shartlari, kafolat muddatidagi servis muammolari, nuqsonli tovarni almashtirish, reklamalarida notoʻgʻri maʼlumot berilishi, amalga oshirilgan toʻlovlar va yetkazib berish xizmatida, kredit asosida sotib olingan nuqsonli tovarlarni almashtirishda qonunbuzilish holatlari hamda kamchiliklar aniqlandi.
Murojaatlarning ijobiy bartaraf etilgani ham baholanib, deyarli 84,8 foiz isteʼmolchining huquqlari himoya qilingan.
Oʻrganishlar natijasida huquqlari buzilgan 9,6 million nafar isteʼmolchiga 7,3 milliard soʻm miqdorida yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Oʻtgan yilda dorixonalar isteʼmolchilardan 8 milliard soʻm asossiz daromad olgan boʻlsa, mamlakatda kvartira olmoqchi boʻlganlarning shikoyati asosida 22,1 milliard soʻm isteʼmolchilar foydasiga qayta hisoblangan.








