Daryo

Kolumbiya prezidenti va qizlari suiqasddan omon qoldi

Gustavo Petro va uning farzandlari bo‘lgan vertolyotga “o‘q uzilishi mumkinligi” haqida ogohlantirish olingan. Prezident vertolyoti bir necha soat ochiq dengiz ustida parvoz qilgan.

1 daqiqa o‘qish6 684 ko‘rishlar0 izoh0

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro qizlari bilan vertolyotda uchib ketayotganida suiqasdga urinishdan omon qolganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Prezident bir necha oydan beri narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlar unga qarshi fitna tayyorlayotgani haqida ogohlantirib kelayotgan edi. Petroning aytishicha, uning vertolyoti Karib dengizi sohilidagi manzilga qo‘na olmagan. Sababi noma’lum shaxslar vertolyotga “o‘q uzishi mumkinligi” haqida ogohlantirish olingan.

“9-fevral kuni tunda qizlarim bilan uchayotgan vertolyotimga o‘q uzilishi mumkinligi haqida xabar berishdi, shu sababli belgilangan manzilga qo‘na olmadim. Men qo‘nishim kerak bo‘lgan joyda hatto chiroqlarni ham yoqishmadi”, dedi Petro Radio Nacional de Colombia teleradiokompaniyasiga bergan izohida.

​

Kolumbiya prezidenti xavfsizligiga tahdidlar sabab safar rejasini o‘zgartirishga majbur bo‘lganini aytdi.

“Meni o‘ldirishlaridan qochishga harakat qilyapman. Shuning uchun kecha (9-fevral nazarda tutilgan) tunda manzilga o‘z vaqtida yetib bora olmadim, chunki belgilangan joyga qo‘na olmadim. 10-fevral kuni ham vertolyotga o‘q uzilishi mumkinligi haqida ma’lumot bor edi”, dedi u.

​

Petroning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot bir necha soat ochiq dengiz ustida parvoz qilgan, so‘ng Kolumbiya dengiz kuchlari ko‘magida boshqa joyga qo‘ngan. Shundan keyin uning xavfsizlik choralari va harakat yo‘nalishlari o‘zgartirilgan.

“Davlat rahbari bu voqealar uni doimiy hushyorlik holatida ushlab turayotganini ta’kidladi va buni 2024-yil oktyabr oyidan beri davom etayotgan tahdidlar bilan bog‘ladi”, deyiladi Kolumbiya milliy radiosi xabarida.

​

Petro 2024-yilda ham o‘ziga qarshi yana bir suiqasd rejalashtirilgani haqida ma’lum qilgan edi. U 2022-yil avgust oyida prezidentlik lavozimini egallaganidan beri narkokartellar uni nishonga olganini bir necha bor ta’kidlagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar