Daryo

Kolumbiya prezidenti samolyotiga AQSH sanksiyalari sabab yonilg‘i quyilmadi

Saudiya Arabistoniga uchayotgan samolyot Madridda yonilg‘i uchun to‘xtagan. Biroq barcha kompaniyalar unga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgan. Muammoni Ispaniya hukumati hal qilgan.

1 daqiqa o‘qish1 973 ko‘rishlar0 izoh2

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroning samolyotiga AQSH sanksiyalari tufayli Ispaniya hududida yonilg‘i berilmadi. Bu haqda Ispaniyaning El Pais nashri xabar berdi.

Petro bu hafta rasmiy tashrif bilan Yaqin Sharq davlatlarida bo‘ladi. Uning samolyoti Saudiya Arabistoniga ketayotib yonilg‘i quyish uchun Madriddagi Baraxas aeroportiga qo‘ngan. Biroq barcha yonilg‘i kompaniyalari AQSH sanksiyalarini buzishdan qo‘rqib, samolyotga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgan. Natijada prezident borti yo‘nalishni o‘zgartirishga va yonilg‘i quyishning muqobil variantlarini izlashga majbur bo‘lgan. Oxir-oqibat muammoni Ispaniya hukumati hal qilgan: samolyot harbiy aviabazaga ko‘chirilgan. Uchoq u yerda yonilg‘i quyib, yo‘nalishini davom ettira olgan.

Kolumbiya hukumati voqeani “yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan” va delegatsiya xavfsizligi uchun xavf tug‘dirgan holat deb baholagan. O‘tgan haftada Kolumbiya prezidenti AQSH giyohvand moddalar savdosi bilan aloqadorlikda ayblanayotgan shaxslar (OFAC)ro‘yxatiga kiritildi. AQSH Moliya vazirligi da’vosiga ko‘ra, prezident “narkotiklarning noqonuniy aylanishida muhim rol o‘ynaydi” va “Kolumbiyada kokain ishlab chiqarishning keskin o‘sishiga, narkoterroristik tashkilotlarga imtiyozlar berishga” mas’ul.

Siyosatchining o‘zi mazkur ayblovlarni rad etib kelmoqda. Kolumbiya hukumati Petroning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini “prezidentning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi haqoratli harakat” deb atadi. Shu munosabat bilan hukumat AQSHdagi elchisi Daniel Garsiya-Penyani maslahatlashuv uchun chaqirib oldi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar