Daryo

Epshteyn hujjatlarida Frank Riberi nomi tilga olingani ma’lum bo‘ldi

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatlarda Riberi Karim Benzemaning advokati sifatida tanishtirilgan Silven Kormye bilan birgalikda voyaga yetmagan qizlarni izlagani haqidagi da’volar keltirilgan.

3 daqiqa o‘qish14 524 ko‘rishlar0 izoh4

AQSH Adliya vazirligi (DOJ) tomonidan e’lon qilingan, jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlar jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu materiallarda ilgari Epshteyn ishi bilan bog‘lanmagan yana bir mashhur ism — Fransiya futboli yulduzi, sobiq futbolchi Frank Riberi nomi ham qayd etilgan. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.

2026-yil boshida Epstein Files Transparency Act (Epshteyn hujjatlari bo‘yicha shaffoflik to‘g‘risidagi qonun) asosida oshkor qilingan hujjatlar sabab Adliya vazirligi Epshteyn bilan bog‘liq barcha tasniflanmagan va tahrir qilinmagan materiallarni e’lon qila boshladi. Mazkur to‘plam hozirgacha ochiqlangan eng yirik arxivlardan biri bo‘lib, unda 3 milliondan ortiq sahifa mavjud. Hujjatlar orasida tergov hisobotlari, elektron yozishmalar, sud materiallari, shuningdek video va tasvirlar jamlangan.

Hujjatlarning aksariyatida turli shaxslar ismlari kontekstsiz sanab o‘tilgan. Ayrim fayllarda esa aniq guvohliklar va da’volar keltirilgan bo‘lib, ular orasida Frank Riberiga oid parchalar ham mavjud. Ushbu ma’lumotlar dastlab Reddit’dagi r/soccer hamjamiyatida muhokama qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Ma’lum hujjatlarning birida, xususan 26-sahifada, Riberi nomi tilga olinadi. Unda da’vogarlardan biri bog‘da yuz bergan mojaroni tasvirlab, go‘yoki Riberi unga zarba berishga uringani va voqeaga politsiya aralashgani haqida bayon qiladi.

Keyingi sahifalarda esa Karim Benzemaning advokati sifatida tanishtirilgan Silven Kormye nomi keltirilib, u Riberi bilan birga voyaga yetmagan qizlarni izlagani haqida da’vo qilinadi. Ushbu bayonotlar jiddiy mazmunga ega bo‘lsa-da, mutaxassislar ularni ehtiyotkorlik bilan talqin qilish zarurligini ta’kidlamoqda.

Kontekst va ehtiyotkorlik

Ekspertlar hamda AQSH Adliya vazirligi qayd etishicha, Epshteyn hujjatlarida shaxs nomining tilga olinishi jinoyat ayblovi yoki tasdiqlangan huquqbuzarlikni anglatmaydi. Hujjatlarda yuzlab taniqli shaxslar nomi uchraydi, biroq ularning aksariyatiga nisbatan hech qanday rasmiy ayblov mavjud emas.

Mutaxassislar hujjatlarning katta qismi tekshirilmagan da’volar, ikkilamchi manbalar va kontekstsiz qaydlardan iborat ekanini ta’kidlamoqda. Shu bois, ismning hujjatda qayd etilishi avtomatik tarzda ayb isboti sifatida talqin qilinmasligi lozim.

Mazkur oshkor etish jarayoni yetarli darajada tahrir qilinmagani sababli tanqidlarga ham uchradi. Ayrim qonunchilar va jabrlanuvchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar shaffoflik adolat va shaxsiy daxlsizlik hisobiga amalga oshirilmasligi kerakligini bildirmoqda.

Frank Riberiga nisbatan aytiladigan bo‘lsa, ushbu hujjatlar unga qarshi yangi tergov yoki sud jarayonlari boshlanganini anglatmaydi. Eslatib o‘tamiz, u 2010-yilda Karim Benzema bilan birga voyaga yetmagan qiz bilan bog‘liq ish doirasida tekshiruvdan o‘tkazilgan, biroq 2014-yilda Fransiya sudi ushbu ishni yopgan.

Millionlab sahifalar hali ham jurnalistlar va tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilmoqda. Riberi kabi mashhur shaxslar nomining Epshteyn hujjatlarida tilga olinishi esa shaffoflik, javobgarlik va adolat o‘rtasidagi murakkab muvozanatni yana bir bor namoyon etmoqda.

Ma’lumot uchun, 42 yoshli Frank Riberi o‘z davrining eng kuchli futbolchilaridan biri, shuningdek, futbol tarixidagi eng yaxshi vingerlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

U futbolchilik faoliyati davomida “Lill”, “Mets”, “Galatasaroy” va “Marsel” klublarida to‘p surgan. 2007-yilda Riberi Germaniyaning “Bavariya” klubiga 25 million yevro evaziga transfer qilingan. Myunxen jamoasi safida u 12 mavsum davomida 9 marta Bundesliga chempioni, 6 marta Germaniya kubogi sohibi, shuningdek, Yevropa Chempionlar Ligasi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibiga aylangan. Umuman olganda, Riberi “Bavariya” bilan 24 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.

2012/13-yilgi mavsumda “Bavariya” bilan tarixiy “trebl” qayd etgan Riberi “Oltin to‘p” sovrini uchun Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bilan birga yakuniy nomzodlar ro‘yxatiga kiritilgan. U Aryen Robben bilan birga hosil qilgan tandemi tufayli muxlislar orasida “Robbery” laqabi bilan mashhur bo‘lgan.

2019-yilda Riberi “Bavariya”ni tark etib, Italiya klubi “Fiorentina”ga o‘tdi. Keyinchalik “Salernitana” safida to‘p surib, 2022-yilda professional futbolchilik faoliyatini yakunladi.

Fransiya terma jamoasi safida 2006–2014-yillar oralig‘ida 81 ta o‘yin o‘tkazgan Riberi ikki marta Jahon chempionatida (2006, 2010) va ikki marta Yevropa chempionatida (2008, 2012) ishtirok etgan. U uch bor Fransiyada yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan, 2013-yilda esa UEFA tomonidan Yevropaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan.

Hozirda Frank Riberi Italiya B seriyasi vakili va futbolchi sifatidagi so‘nggi klubi — “Salernitana”da texnik hamkor sifatida faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, u 2025-yil avgust oyida Dida, Roberto Karlos, Fabio Kannavaro, Marko Materatsi, Maykon, Klod Makelele va Serjinyo kabi jahon futboli yulduzlari bilan birgalikda O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar