UEFA Chempionlar Ligasining yarim final bosqichiga start berildi. Parij shahridagi “Park de Prens” stadionida bo‘lib o‘tgan shiddatli bahsda “PSJ” “Bavariya”ni 5:4 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yin ikki jamoaning faol hujumlari ostida o‘tdi. Hisob 17-daqiqada Myunxen klubi hujumchisi Harri Keyn tomonidan ochildi. Angliyalik futbolchi belgilangan penaltini aniq amalga oshirib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Shundan so‘ng parijliklar faollikni oshirdi. 24-daqiqada Xvicha Kvaratsxeliya chiroyli gol bilan muvozanatni tikladi. 33-daqiqada burchak zarbasidan uzatilgan to‘pni Joau Nevesh bosh bilan Manuel Noyer qo‘riqlayotgan darvozaga joylab qo‘ydi va “PSJ”ni hisobda oldinga olib chiqdi.
41-daqiqada “Bavariya”ning fransiyalik vingeri Maykl Olise gol urib, hisobni tenglashtirdi. Birinchi bo‘lim yakunida maydon egalari yana hujumga urg‘u berdi va 45+5-daqiqada Usmon Dembele o‘zi ishlagan penaltini aniq amalga oshirib, yana “Pari Sen-Jermen”ga ustunlik taqdim etdi — 3:2.
Ikkinchi bo‘lim, kutilganidek, yorqin vaziyatlarga boy bo‘ldi. 56-daqiqada Xvicha Kvaratsxeliya, 58-daqiqada Usmon Dembele gol urib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi — 5:2.
Biroq, “Bavariya” yana ustunlikni qo‘lga oldi va 65-daqiqada Dayo Upamekano bosh bilan Matvey Safonov darvozasini ishg‘ol etdi. 70-daqiqada Myunxen jamoasining kolumbiyalik vingeri Luis Dias hisobni qisqartirdi — 5:4. Mazkur hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi.
Jamoalar o‘rtasidagi ikkinchi to‘qnashuv 7-may oqshomida Myunxen shahridagi “Allians Arena” stadionida o‘tkaziladi.
UEFA Chempionlar Ligasi
1/2 final, dastlabki uchrashuv
“PSJ” — “Bavariya” 5:4
Gollar: 0:1 — Keyn (pen, 17), 1:1 — Kvaratsxeliya (24), 2:1 — Nevesh (33), 2:2 — Olise (41), 3:2 — Dembele (pen, 45+5), 4:2 — Kvaratsxeliya (56), 5:2 — Dembele (58), 5:3 — Upamekano (65), 5:4 — Dias (70)








