Madridning “Real” klubi “Manchester Siti” yarim himoyachisi Rodri bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. “Qirollik klubi” 29 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy qadamlar tashlashga tayyor. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Real” rahbariyati so‘nggi mavsumlarda jamoa tarkibida aniq yetakchilarning yetishmayotganidan xavotirda. Klubda Rodrini aynan shu rolga munosib, jamoani boshqara oladigan va himoyada barqarorlikni ta’minlaydigan futbolchi sifatida ko‘rishmoqda.
Qayd etilishicha, yarim himoyachi va “Manchester Siti” yaqin oylar ichida futbolchi shartnomasini uzaytirish masalasini muhokama qilishni rejalashtirgan. Biroq ispaniyalik futbolchi Madridga qaytish variantini ham istisno qilmayapti. Ta’kidlanishicha, poytaxt shahri Rodri uchun tug‘ilib-o‘sgan maskan hisoblanadi. “Real” esa ushbu vaziyatdan unumli foydalanib, futbolchini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Siti” futbolchini “Real”ga sotishga qarshi emasligi, ammo uni yarim himoyachi Federiko Valverde yoki braziliyalik vinger Rodrigo bilan almashtirish masalasini ko‘rib chiqayotgani aytilgandi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Rodri barcha musobaqalar doirasida jami 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan. Uning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 75 million yevroni tashkil etadi.








