Angliyaning “Manchester Siti” klubi yarimhimoyachi Rodrining transferi borasida “Barselona” tomonidan yuborilgan ikkinchi taklifga ham rad javobini berdi. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Avvalroq, kataloniyaliklar ispaniyalik xavbek uchun Angliya chempioniga 60 million yevro atrofida mablag‘ taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Manbaning ma’lum qilishicha, “shaharliklar” bu taklifni qoniqarsiz deb topgan va o‘z futbolchisi uchun taxminan 80 million yevro talab qilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, muzokaralarda “Barselona”ning foydasiga ishlayotgan eng katta omillardan biri bu — Rodrining amaldagi shartnomasi bilan bog‘liq vaziyatdir. Ispaniyalik futbolchi hamda “Manchester Siti” o‘rtasidagi bitim tugashiga atigi bir yil qolgan. Rodri esa ingliz klubi bilan hamkorlikni uzaytirishni istamayapti.
Bu holat “Siti”ning rejalari va qarorlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Klub o‘zining asosiy futbolchilaridan birini arzon narxda sotishni xohlamayapti. Ammo Rodrining shartnomasini uzaytirmasdan turib, so‘nggi yilini klubda o‘tkazishiga ruxsat berish kelajakda inglizlar uchun bundan-da kattaroq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Aynan mana shu holat “Barselona” foydasiga ishlamoqda.
30 yoshli Rodri 2025/2026-yilgi mavsumda Angliya Premyer Ligasi doirasida jami 21 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urishga erishdi. Shuningdek, u Chempionlar Ligasida 5 ta o‘yinda ishtirok etgan.








