Buyuk Britaniya Eron atrofidagi keskin vaziyat tufayli xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida Kiprdagi Akrotiri aviabazasiga qiruvchi samolyotlar yubordi. Bu haqda The Times gazetasi xabar bermoqda.
Maqolada aytilishicha, oltita F-35B Kiprda joylashgan va Iroq hamda Suriya ustida vazifalarni bajarayotgan Typhoon samolyotlariga qo‘shiladi. Qiruvchi samolyotlar Angliyaning sharqidagi Marham bazasini allaqachon tark etgan.
Hujum va qo‘riqlash vazifalarida doimiy ravishda ishtirok etadigan Typhoon’dan farqli o‘laroq, F-35B aynan mudofaa vazifasi uchun jo‘natilgan. Ya’ni Eron atrofidagi vaziyat keskin kuchaygan taqdirda kafolat sifatida xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Shu fonda London yanvar oyida 12-sonli qo‘shma ingliz-qatar eskadrilyasidan to‘rtta Typhoon’ni mintaqadagi vaziyat keskinlashishidan xavotirga tushgan Dohaning iltimosiga ko‘ra Qatarga yuborgan edi.
Harbiy holatni kuchaytirish Vashington va Tehronning yangi to‘qnashuvdan qochish harakatlari fonida sodir bo‘lmoqda.
Avvalroq Ummon sultonligida AQSH va Eron vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi. Ushbu uchrashuv AQSH iyun oyida Isroil bilan birgalikda Eron yadro obyektlariga zarba berib, infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazgani va avvalgi muzokaralar jarayonini buzganidan keyingi tomonlarning birinchi yuzma-yuz muloqoti hisoblanadi.
Muzokaralardan ko‘p o‘tmay, AQSH Eron neft eksportiga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishini e’lon qildi va 7 fevralga o‘tar kechasi AQSH prezidenti Eron bilan savdo qiluvchi mamlakatlardan AQSHga tovarlar yetkazib berishga qo‘shimcha bojlar joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.








