Ukrainaning Donbass shahrini to‘liq egallash uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putinga kamida ikki yil vaqt va, taxminan, rossiyalik harbiylardan 800 ming nafar qurbon kerak bo‘ladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy France Télévisions nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarda Ukraina armiyasining Donbassdan to‘liq chiqib ketishini talab qilmoqda. Zelenskiy bir necha bor bu talabni rad etgandi.
“Rossiya bizdan Donbassni tark etishimizni xohlaydi. Nega? Chunki ular bu urushni boshlaganida birorta ham g‘alabaga erisha olmadi. Biz Rossiya armiyasi Ukraina yerining har bir metri uchun qanday narx to‘layotganini yaxshi tushunamiz. Ular halok bo‘layotganlarni hisobga olmaydi. Ukrainaning sharqini egallash ularga yana 800 ming askarning jasadiga tushadi. Ularning juda sekin ilgarilashini hisobga olganda, bunga kamida ikki yil kerak bo‘ladi. Menimcha, ular shuncha vaqt bardosh bera olmaydi”, dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti urushni to‘xtatish evaziga yon berish haqida gapirar ekan, hatto mojaroning hozirgi front chizig‘i bo‘ylab muzlatilishi ham Kiyev tomonidan jiddiy qadam hisoblanishini aytdi.
“Xususan, maxsus iqtisodiy zona tashkil etilgan taqdirda, ikkala tomon ham chekinishiga to‘g‘ri keladi. Demilitarizatsiya zonasi esa faqat tomonlarning har biri o‘z qismini nazorat qilishi va ular o‘rtasida xalqaro kuchlar joylashishi sharti bilan amalga oshishi mumkin”, deya tushuntirdi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarini sovuq ob-havodan Ukraina jamiyatiga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishga urinishda ham aybladi. U infratuzilma va tinch aholiga berilayotgan zarbalar Ukrainani “murosa”ga majbur qilishga qaratilganini ta’kidladi.
“Ruslar tinch aholiga qancha ko‘p hujum qilsa, qancha ko‘p odam o‘ldirsa, urush qoidalarini qanchalik ko‘p buzsa, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi murosa istiqbolini shunchalik uzoqlashtirishini tushunmayapti”, dedi u.
Rossiya armiyasining frontda sekin oldinga siljishi va katta yo‘qotishlarga uchrayotganini mustaqil tahlillar ham tasdiqlagan. Yanvar oyida Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi ma’lum qilganidek, Rossiyaning Ukrainaga hujum sur’ati zamonaviy urushlar tarixining 100 yildan ortiq davridagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
Ikki yil ichida, ya’ni 2024 va 2025-yillarda Rossiya armiyasi atigi 8,4 ming kvadrat kilometr, ya’ni Ukraina hududining 1,4 foizi ustidan nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Bir qator muhim yo‘nalishlarda hujum hatto Birinchi jahon urushi davridagidan ham sekinroq davom etgan.
Minimal hududiy yutuqlar Ikkinchi jahon urushidan beri hech bir armiya ko‘rmagan darajadagi yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritilgan. 2022-yil fevralidan 2025-yil dekabrigacha Rossiya qo‘shinlarining umumiy yo‘qotishlari qariyb 1,2 million kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Sovet Ittifoqining Afg‘onistondagi yo‘qotishlaridan 17 baravar, ikki chechen urushidagi yo‘qotishlardan 11 baravar va 1945-yildan keyingi barcha qurolli mojarolardagi jami yo‘qotishlardan besh baravar ko‘p.








