Ijtimoiy himoya milliy agentligi tarmoqlarda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, jumladan, idora tasarrufidagi ayrim axborotlar internetga sizib chiqqani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mazkur holat avval faoliyat yuritilgan eski ma’lumotlar bazasiga taalluqli. Shu bilan birga, ayrim axborot saytlarida e’lon qilingan xabarlar holatning haqiqiy mazmuniga mos kelmasligi qayd etildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida agentlik tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotgani bildirildi.
Tekshiruv natijalari yuzasidan qo‘shimcha axborot belgilangan tartibda jamoatchilikka taqdim etilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq Statistika qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi o‘z tizimlariga tashqi manbalar orqali buzib kirilmaganini bildirgandi. Mazkur bayonotlar so‘nggi kunlarda tarqalgan shov-shuvli xabarlar fonida berilgan.
Jumladan, hukumat tizimlaridan kamida 15 million O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgani va Dark Web’ga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqalgan. Ushbu holat yuzasidan Kiberxavfsizlik markazi DUK o‘rganishlar olib borilayotganini va keyinroq qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, ayrim xorijiy forumlarda davlatning asosiy autentifikatsiya tizimi bo‘lgan OAuth serveri buzilgani, natijada bir qator davlat va nodavlat tizimlari xavf ostida qolgani qayd etilgan. Biroq rasmiy idoralar hozircha o‘zlariga tegishli axborot tizimlarida ma’lumotlar sizib chiqishi holati aniqlanganini qat’iy rad etmoqda.








