Daryo

AQSH blokadasi sabab Kubada atigi 2–3 haftaga yetadigan neft zaxiralari qoldi

Nikolas Maduro o‘g‘irlab ketilgunga qadar Venesuela Kubaga asosiy neft yetkazib beruvchi edi. So‘nggi voqealar ortidan ta’minot to‘xtab qolgan. Mutaxassislar ta’minot yaqin haftalarda tiklanmagan taqdirda, Kubani og‘ir inqiroz kutayotganidan ogohlantirgan.

2 daqiqa o‘qish13 039 ko‘rishlar0 izoh3

Qo‘shma Shtatlar tomonidan Venesuelaga nisbatan joriy etilgan dengiz qamali, shuningdek, Vashington tomonidan Meksikaga ko‘rsatilayotgan bosim sabab Kuba neft va mazutning asosiy ta’minotchilaridan mahrum bo‘ldi. Orol davlat mazkur ikki yonilg‘ini asosan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatadi. Financial Times’ning Kpler monitoring platformasiga tayanib yozishicha, mamkakatda 2-3 haftaga yetadigan zaxira qolgan.

Nashr bu xulosaga Kubaning hozirgi iste’mol darajasi va cheklangan miqdorda qazib olinadigan mahalliy neft hajmini hisobga olib kelgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Kuba iqtisodiyoti qulash arafasida turibdi. Neft va mazut ta’minoti tiklanmasa, inqiroz favqulodda darajada chuqurlashib, siyosiy hokimiyatning mavjudligini xavf ostida qoldirishi mumkin.

Kubada kuzatilayotgan yonilg‘i tanqisligi
Foto: Getty Images

Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Kubaga 84 900 barrel neft yetkazib berilgan. Ya’ni mamlakat kunlik o‘rtacha 3 ming barreldan “qora oltin” import qilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 37 ming barrelni tashkil etgan.

“Agar yanvarda yetkazib berilgan so‘nggi yuk va yil boshida neft omborlarida bo‘lgan taxminan 460 ming barrel zaxira qo‘shib hisoblangan taqdirda ham, Kuba yana 15–20 kungina bardosh bera oladi”, degan Kpler tahlilchisi Viktoriya Grabenveger.

​Neft bilan bir vaqtda, Kubaning mazut zaxiralari ham tugab boryapti. Venesuela orol davlatning bu boradagi asosiy ta’minotchisi edi. Biroq AQSH dengiz qamalidan buyon jo‘natmalar to‘xtab qoldi. Mazut ortilgan so‘nggi tanker Kubaga o‘tgan yilning noyabr oyida kelgan.
Yonilg‘i ortilgan tanker Karib havzasida

Venesueladan ta’minot to‘xtaganiga qaramay, AQSH bu bilan cheklanmoqchi emas. Tramp ma’muriyati Kubaga neft yetkazib berishni cheklash talabi bilan Meksikaga ham bosim o‘tkazmoqda. Texas universiteti eksperti Xorxe Pinonning fikricha, agar yaqin haftalarda ta’minot tiklanmasa, Kubani og‘ir energetik va iqtisodiy inqiroz kutmoqda.

Qo‘shma Shtatlarning Kubaga nisbatan oshib borayotgan bosimi usiz ham qiyin iqtisodiy sharoitda yashayotgan kubaliklar turmushini og‘irlashtirdi. Ijtimoiy huquqlar observatoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisining qariyb 90 foizi o‘ta qashshoqlikda yashaydi, 70 foizi esa kuniga kamida bir mahal to‘yib ovqatlana olmaydi. So‘rovda qatnashganlarning 70 foizdan ortig‘i asosiy muammolar sifatida oziq-ovqat tanqisligi va ayrim hududlarda kuniga 18 soatgacha davom etadigan elektr uzilishlarini ko‘rsatgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar