The Tetris Company kompaniyasi Oq uyning “Tetris” uslubida yaratilgan onlayn o‘yinlaridan biri bilan aloqasi yo‘qligini bildirdi. Kompaniya o‘zining intellektual mulkidan foydalanishga ruxsat bermaganini ma’lum qildi.
Build the Wall (“Devor qur”) deb nomlangan o‘yin foydalanuvchilarga AQSH va Meksika chegarasida to‘siq qurishni taklif etadi. Oq uy ta’rifida aytilishicha, o‘yinda chegarani yaqinlashib kelayotgan olomondan himoya qilish kerak.
The Tetris Company ushbu o‘yinni ishlab chiqishda qatnashmagan. Biz “Tetris’”a odamlarni ajratishga emas, ularni birlashtirish kuchiga ishonamiz, deyiladi kompaniya bayonotida.
Kompaniya Tetris brendi va uning intellektual mulkidan foydalanish uchun litsenziya bermaganini alohida ta’kidladi.
Oq uy AQSH prezidenti Donald Tramp siyosati bilan bog‘liq ketma-ket beshta retro-o‘yinni e’lon qildi. Ular orasidagi “Iloncha” (Snake) uslubida yaratilgan boshqa bir o‘yinda o‘yinchi chegara siyosati rahbari Tom Homanning raqamli versiyasini boshqaradi. U Rio Grande daryosidan o‘tayotgan migrantlarni qo‘lga olishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida 2025-yil dekabr oyida Dubayda dronlar ishtirokida dunyodagi eng yirik “Tetris” o‘yini o‘tkazilgandi. Bu mashhur o‘yin shou ko‘rinishida namoyish etilgan. O‘yinda ekran vazifasini balandligi taxminan 150 metr bo‘lgan Dubai Frame bajargan, piksellar vazifasini esa rang-barang shakllarni real vaqtda hosil qiluvchi dronlar amalga oshirgan.








