Shavkat Mirziyoyevning 28-yanvar kungi farmoyishi bilan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga boshliq tayinlandi.
Hujjat bilan Azizxon Sharipxonovich Umarxonov Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
U bunga qadar Toshkent shahri Olmazor tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. Umarxonov bu lavozimga 2021-yil 2-avgust kuni tayinlangan.
Mulozim 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasini tamomlagan va shu yillar davomida tizimda samarali faoliyat yuritgan.
2020-yildan 2021-yil avgustgacha Ichki ishlar vazirligi Jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.








