Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi 23-yanvar kuni mamlakat parlamentining quyi palatasini tarqatib yuborishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Mazkur qarordan so‘ng 8-fevral kuni quyi palatadagi barcha 465 ta o‘rin uchun umummilliy saylovlar bo‘lib o‘tadi. Dushanba, 19-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bosh vazir saylov natijalariga o‘zining siyosiy kelajagini tikkanini aytdi.
“Men ushbu saylovga bosh vazir sifatidagi o‘z siyosiy taqdirimni tikkanman. Xalq davlat boshqaruvini menga ishonib topshirish-topshirmaslik masalasida bevosita hakam bo‘lishini xohlayman”, dedi Takaichi.
Bosh vazir saylovoldi kampaniyasida xalqqa quyidagilarni va’da qilmoqda:
- oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan 8 foizlik iste’mol solig‘ini ikki yilga to‘xtatib turish;
- xarajatlarni oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish;
- uy xo‘jaliklari xarajatlarini rag‘batlantirish va boshqa soliq tushumlarini ko‘paytirish.
Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, oziq-ovqat solig‘ining bekor qilinishi g‘azna daromadini yiliga 5 trillion iyenaga (32 milliard dollar) kamaytiradi. Ushbu xabar fonida Yaponiyaning 10 yillik davlat obligatsiyalari daromadliligi dushanba kuni so‘nggi 27 yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi.
Milliy xavfsizlik va Xitoy bilan ziddiyat
Sanae Takaichi ma’muriyati 2026-yilda yangi milliy xavfsizlik strategiyasini qabul qilishni rejalashtirgan. Unga ko‘ra, mamlakat mudofaa xarajatlari yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha oshiriladi. Bu Yaponiyaning mudofaa xarajatlarini o‘n yillar davomida 1 foiz atrofida ushlab turish an’anasidan keskin voz kechishini anglatadi.
Bunday qarorga Tayvan atrofidagi keskinlik va Sharqiy Xitoy dengizidagi bahsli orollar sabab bo‘lmoqda. Bosh vazir o‘z nutqida Xitoy tomonidan bo‘layotgan iqtisodiy bosimlarni ham tilga oldi.
“Xitoy Tayvan atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi, muhim yetkazib berish zanjirlarini nazorat qilish orqali iqtisodiy tazyiqlar tobora kuchaymoqda. Xalqaro xavfsizlik muhiti og‘irlashib bormoqda”, deya ta’kidladi u.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan haftada Xitoy Yaponiya harbiylari foydalanishi mumkin bo‘lgan, jumladan, muhim minerallar eksportiga taqiq qo‘ygan edi.
Siyosiy kuchlar nisbati
Bo‘lajak saylovlarda Takaichi boshchiligidagi Liberal-demokratik partiya (LDP) va “Ishin” partiyasi koalitsiyasi quyi palatada ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolishni ko‘zlamoqda. Hozirda ularning jami 233 ta o‘rni bor.
Bosh vazirning asosiy raqibi — yangi tuzilgan “Markazchi islohotlar alyansi” bo‘ladi. Ushbu blok Yaponiya Konstitutsiyaviy-demokratik partiyasi va “Komeito” partiyasi birlashuvidan hosil bo‘lgan. Qayd etish joizki, “Komeito” Takaichi hokimiyatga kelgach, LDP bilan 26 yillik ittifoqni uzgan edi.
Muxolifat bloki hozirda 172 ta o‘ringa ega va ular oziq-ovqat mahsulotlariga soliqni vaqtincha emas, balki butunlay bekor qilishni taklif etmoqda. Saylovlar 8-fevral kuni, Tailanddagi umummilliy saylovlar bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.








