Daryo

Dubayda mushtlashuvda ishtirok etgan sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosi umrbodga qamaldi

2025-yilning aprel oyida Dubayda ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan sakkiz nafar o‘zbekistonlikka sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, yana bir fuqaro 25 yilga qamaldi.

1 daqiqa o‘qish13 150 ko‘rishlar0 izoh17

Dubayda mushtlashuvda ishtirok etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi umrbodga qamaldi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2025-yilning aprel oyida Dubayda ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosiga 21-yanvar kuni sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, bitta fuqaroga 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.

Hozirda, tegishli idoralar va diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan vaziyatni to‘liq o‘rganish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

2025-yil aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda Dubay shahridagi yonilg‘i quyish shoxobchalaridan birida o‘zbekistonliklardan iborat ikki jinoiy guruh o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergani haqida xabarlar tarqalgan edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro oqibatida bir kishi pichoq zarbasidan vafot etgan, yana bir shaxs og‘ir ahvolda komaga tushib qolgan.

Keyinchalik O‘zbekiston TIV mazkur hodisada ishtirok etishda gumonlanib, 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, oldindan kelishmovchiligi bo‘lgan ikki guruh yonilg‘i quyish shoxobchasida to‘qnash kelgan. Qizil rangli Mercedes avtomobilidan tushgan shaxsga bir necha kishi yugurib borib, uni pichoqlagan, uning sherigi esa qochishga uringan, biroq keyinchalik ushlanib, kaltaklangan.

Voqea joyiga yetib kelgan Dubay politsiyasi hududni o‘rab olib, ishtirokchilar qoldirgan buyumlarni musodara qilgan. Kuzatuv kameralari yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalari asosida mojaro tafsilotlari aniqlanib, gumonlanuvchilar Dubaydagi mehmonxonalardan birida qo‘lga olingan. Keyinchalik komadagi shaxs ham vafot etib, qurbonlar soni ikki nafarga yetgan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar