“Real Madrid” futbol klublari orasida eng yuqori daromad ko‘rsatkichiga ega jamoalar reytingida uchinchi yil ketma-ket yetakchilikni saqlab qoldi. Bu haqda Deloitte auditorlik kompaniyasi 2024/2025-yilgi mavsum yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan hisobotida qayd etilgan.
Hisobotga ko‘ra, “Real” 2024/2025-yilgi mavsumda 1,161 milliard yevro daromad ko‘rsatkichiga erishgan. Bu natija bilan madridliklar o‘tgan mavsumdagi 1,046 mlrd yevro ko‘rsatkichini ham yaxshilagan. Qayd etilishicha, “Real” bir mavsumda bir milliard yevrodan ortiq daromad topgan tarixdagi ilk futbol klubi bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, klubning tijoriy daromadlari bir yil ichida 23 foizga oshib, 593,6 million yevroni tashkil etgan. Bunga mahsulotlar savdosining yaxshilanishi va yangi tijoriy hamkorlar bilan kelishuvlar sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, o‘yin kunlari daromadlari 6 foizga kamayib, 232,5 million yevroga tushgan. Teletranslyatsiyalar orqali “Real” 334,9 million yevro daromad olgan.
Shuningdek, 2024/2025-yilgi mavsumda reytingga kiritilgan 20 ta futbol klublarining umumiy daromadi ham yangi rekord o‘rnatgan — 12,4 milliard yevro. Bu avvalgi hisobot davriga nisbatan 11 foizga ko‘p. Umumiy daromad tarkibida uchinchi yil ketma-ket tijoriy tushumlar yetakchilik qilmoqda — ularning jami hajmi 5,3 milliard yevroni tashkil etgan.
2024/2025-yilgi mavsumda eng yuqori daromadga ega bo‘lgan 20 ta klub reytingi:
- “Real” — 1,161 mlrd yevro
- “Barselona” — 974,8 mln yevro
- “Bavariya” — 860,6 mln yevro
- “PSJ” — 837 mln yevro
- “Liverpul” — 836,1 mln yevro
- “Manchester Siti” — 829,3 mln yevro
- “Arsenal” — 821,7 mln yevro
- “Manchester Yunayted” — 793,1 mln yevro
- “Tottenhem” — 672,6 mln yevro
- “Chelsi” — 584,1 mln yevro
- “Inter” — 537,5 mln yevro
- “Borussiya Dortmund” — 531,3 mln yevro
- “Atletiko” — 454,5 mln yevro
- “Aston Villa” — 450,2 mln yevro
- “Milan” — 410,4 mln yevro
- “Yuventus” — 401,7 mln yevro
- “Nyukasl” — 398,4 mln yevro
- “Shtutgart” — 296,3 mln yevro
- “Benfika” — 283,4 mln yevro
- “Vest Hem” — 276 mln yevro
Ma’lumot uchun, hozirda “Real Madrid” La Liga turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa 20 o‘yinda 48 ochko jamg‘argan. Peshqadam “Barselona” hisobida esa 49 ochko mavjud. “Qirollik klubi” UEFA Chempionlar Ligasi joriy mavsumida 7 ta uchrashuvdan so‘ng 15 ochko jamg‘argan holda 3-o‘rinni egallab turibdi. Jadval yetakchisi “Arsenal” 21 ochkoga ega.








