Daryo

O‘zbekistonda bir yilda ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha 8 foizga o‘sdi

2025-yilda respublikada ko‘chmas mulk bozori faollashib, uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 295 mingga yetdi va o‘tgan yilga nisbatan 15 foizdan ko‘proqqa oshdi. Hududlar kesimida savdo hajmi va narxlar dinamikasi turlicha shakllanib, ayrim viloyatlarda sezilarli o‘sish qayd etildi.

2 daqiqa o‘qish5 387 ko‘rishlar0 izoh1

2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori faollashib, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 295 mingtani tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 15 foizdan ko‘proqqa oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida ma’lum qilindi.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘sish Buxoro (25,7%), Sirdaryo (23,3%) va Samarqand (19,7%) viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining qariyb 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda yil davomida 84 mingga yaqin bitim amalga oshirilgan bo‘lib, savdo hajmi 18,2 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkichlar Toshkent bozori mamlakat ko‘chmas mulk sektorida yetakchi rol o‘ynayotganini ko‘rsatadi.

2025-yilda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘sishi respublika bo‘yicha o‘rtacha 7,9 foizni tashkil etdi. Eng yuqori yillik o‘sish Surxondaryo viloyatida qayd etilib, bu hududda narxlar qariyb 19,5 foizga oshgan. Shuningdek, Farg‘ona (15,5%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (15,6%) va Jizzax (14,3%) hududlarida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Ayni paytda ayrim viloyatlarda oylik ko‘rsatkichlar manfiy bo‘lgan — masalan, Andijon, Sirdaryo va Xorazmda qisqa muddatli pasayishlar qayd etilgan.

Narxlar darajasi bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilikni saqlab qoldi. Poytaxtda ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun 1100 dollardan oshgan bo‘lsa, Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 834 dollar, Toshkent viloyatida esa 682 dollarni tashkil etdi.

Eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 378 dollar atrofida shakllangan. Shuningdek, Qashqadaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida ham uy-joy narxlari nisbatan past bo‘lib qolmoqda.

Toshkent shahri bozoridagi vaziyat umumiy respublika tendensiyalari uchun muhim bekgraund bo‘lib xizmat qilmoqda. Poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari yil davomida deyarli barqaror qolib, o‘sish 0,6 foizni tashkil etgan, ayrim tumanlarda esa pasayish ham kuzatilgan.

Shu bilan birga, birlamchi uy-joy bozorida narxlar ancha tezroq oshib, yangi qurilgan uylar segmentida talab yuqoriligicha qolmoqda. Mutaxassislar fikricha, aynan Toshkent bozoridagi talab va narxlar dinamikasi yaqin yillarda boshqa hududlardagi jarayonlarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar