Fransiya harbiy-dengiz kuchlari 22-yanvar kuni O‘rta Yer dengizida Rossiyadan kelayotgan va xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan Grinch neft tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron oʻzining X (sobiq Twitter) dagi sahifasida ma’lum qildi.
Makroning soʻzlariga koʻra, operatsiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini moliyalashtirishga hissa qo‘shayotgan “soyadagi flot” faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha harakatning bir qismi hisoblanadi. Fransiya harbiy amaldorlari anonimlik sharti bilan operatsiya Buyuk Britaniya ko‘magida amalga oshirilganini ma’lum qildi. Ular kemani qo‘lga olish imkonini beruvchi razvedka ma’lumotlarini Fransiyaga taqdim etgan.
Tanker Komor orollari bayrog‘i ostida harakatlangan, uning ekipaji esa Hindiston fuqarolari hisobalandi. Kema soxta bayroq ostida suzganlikda gumon qilinmoqda va hozirda fransuz harbiylari tomonidan keyingi tekshiruvlar uchun portga olib ketilgan.
“Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirildi.<...> Biz xalqaro huquq normalariga rioya qilish va sanksiyalarning samarali qo‘llanilishini ta’minlashga qat’iy qaror qildik”, dedi Makron. U tanker qo‘lga olinganidan keyin sud tergovi boshlanganini aytdi.
21-yanvar kuni Karib dengizida AQSH harbiylari sanksiya ostidagi neftni olib ketayotgan Sagitta tankerini qo‘lga olgandi. Ushbu kema 2025-yil dekabridan beri Venesuelaga nisbatan joriy etilgan “karantin” rejimini buzilishining oldini olish maqsadida AQSH tomonidan ushlangan yettinchi tanker bo‘ldi. Sagitta Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini tufayli AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida edi.
15-yanvar kuni AQSH Veronika neft tankerini qo‘lga kiritgan edi, u o‘z nomini Galileo deb o‘zgartirib, Rossiya bayrog‘ini ko‘targan holda to‘xtashdan qochishga uringan. Bungacha AQSH harbiylari tomonidan yana beshta tanker, jumladan Marinera (Bella 1), Olina va Sophia qo‘lga olingandi. Ular sanksiyalar ostida bo‘lgan yoki Rossiya, Eron yoxud Venesueladan kelib chiqadigan neft manbasini yashirish bilan shug‘ullanuvchi “soya floti” tarkibiga kirgan.








