AQSH harbiylari 9-yanvar kuni erta tongda Karib dengizida Venesuela bilan aloqador bo‘lgan “Olina” neft tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda AQSh Janubiy qo‘mondonligi (SOUTHCOM)ga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
“Operatsiya hech qanday ko‘ngilsiz hodisasiz o‘tdi. Jinoyatchilar uchun hech qayerda xavfsiz boshpana yo‘q”, deb xabar yo‘lladi Qo‘mondonlik X’da.
“Soyalar floti”ning fosh etilishi
Reuters agentligining soha mutaxassislariga tayanib xabar berishicha, “Olina” tankeri o‘tgan haftada Venesuelani tark etgan va Sharqiy Timor bayrog‘i ostida soxta hujjatlar bilan suzgan. AQSH Milliy xavfsizlik vaziri Kristi Noem mazkur kemani “arvoh/soyalar floti” a’zosi ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tanker AQSH kuchlaridan qochishga uringan.
“‘Arvoh flot’lar adolatdan qochib qutula olmaydi. Ular soxta milliy bayroqlar ortiga yashirina olmaydi”, deb yozdi Noem o‘z sahifasida.
Siyosiy bosim va neft nazorati
Tankerning qo‘lga olinishi AQSH harbiylari o‘tgan dam olish kunlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan so‘ng, Vashingtonning ushbu mamlakat neft resurslari ustidan nazoratni kuchaytirayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Ayni paytda Venesuelada vaqtinchalik rahbarlikni sobiq vitse-prezident Delsi Rodriges egallagan.
Donald Tramp agar Rodriges AQSH talablariga bo‘ysunmasa, unga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi bilan tahdid qilgan. Rodriges esa Maduroning qo‘lga olinishini qoralagan bo‘lsa-da, Vashington bilan “energetika sohasidagi aloqalar uchun ochiq” ekanini bildirgan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio hafta boshida Venesuela neftini bozor narxlarida sotish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
“Bu mablag‘lar korrupsiya yoki rejimga emas, balki Venesuela xalqiga foyda keltiradigan tarzda, bizning nazoratimiz ostida taqsimlanadi”, deb da’vo qilgan Rubio.








