Daryo

Dunyoda ilk bor birinchi tibbiy yordam ko‘rsatuvchi robot taqdim etildi

Robot sun’iy nafas berish apparati, yurak-o‘pka reanimatsiyasi, defibrillyator va boshqa shu kabi tibbiy uskunalar bilan jihozlangan

1 daqiqa o‘qish5 869 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoyning Poseidon kompaniyasi ekstremal sharoitlarda ishlay oladigan va jabrlanganlarga avtomatik tarzda tibbiy yordam ko‘rsata oladigan dunyodagi birinchi qutqaruv robotini ishlab chiqdi. U maxsus oyoqlar, g‘ildiraklar yoki zanjirli (gusenitsa) harakatlanish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, ular orqali zinapoya, qiyalik va notekis yuzalar kabi qiyin to‘siqlarni yengib o‘tishga qodir.

Foto: China Daily

Qurilma harakatlanish cheklangan joylarda ham osongina manyovr qiladi va turli to‘siqlardan mohirlik bilan chetlab o‘tadi. Shuningdek, tez yordam roboti -20 dan +55 °C gacha bo‘lgan haroratlarda ham ishlay oladi.

Qurilmaning asosiy xususiyati portativ birinchi yordam tizimi bo‘lib, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • insonning hayotiy belgilarini monitoring qilish tizimi;
  • sun’iy nafas berish apparati;
  • infuzion terapiya moduli;
  • V-ultratovush tekshiruv tizimi;
  • yurak ritmini tiklash uchun defibrillyator;
  • yurak-o‘pka reanimatsiyasi;
  • kislorod yetkazib berish tizimi.
Foto: China Daily

Bunday murakkab va eng kerakli funksiyalarga ega robot favqulodda vaziyatlarda shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini beradi.

Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, robot quyidagi sohalarda katta talabga ega bo‘ladi:

  • tabiiy ofatlar paytidagi qutqaruv operatsiyalarida;
  • harbiy sharoitlarda (jang maydonidan yaradorlarni olib chiqishda);
  • murakkab sanoat va shahar avariyalarida;
  • shifoxonagacha bo‘lgan masofada va shifoxona ichidagi tibbiy yordamda.
Foto: China Daily

Mutaxassislarning fikricha, ushbu yangi texnologiya tez tibbiy yordam sohasida “moddiy shaklga ega sun’iy intellekt” vazifasini bajaradi. An’anaviy qutqaruv usullari vaqt va ko‘plab mutaxassislarni talab qilsa, bu robot mustaqil ravishda tez va aniq harakat qila oladi.

Poseidon korporatsiyasi vakillari bu loyiha Xitoyning favqulodda tibbiy yordam ko‘rsatish salohiyatini sezilarli darajada oshirib, uni yanada samarali va texnologik jihatdan ilg‘or qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar