Daryo

Suriya armiyasi va kurdlar o‘zaro integratsiya bo‘yicha bitim imzoladi

Kelishuv 14 banddan iborat bo‘lib, unda chegara o‘tish punktlari, gaz va neft konlari, 2017-yilda ISHID mag‘lub etilganidan beri ushlab turilgan jangarilar va ularning oilalari saqlanadigan qamoqxona hamda lagerlar hukumatga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

3 daqiqa o‘qish2 803 ko‘rishlar0 izoh5

Suriya markaziy hukumati va mamlakatdagi asosiy kurd harbiy tuzilmasi, ya’ni Suriya demokratik kuchlari (SDK) 18-yanvar kuni kurd fuqarolik va harbiy ma’murlarini rasmiy Damashq nazoratiga o‘tkazish bo‘yicha keng qamrovli bitim imzoladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Tegishli kelishuv Suriya qo‘shinlari muhim neft konlarini o‘z ichiga olgan hududlarni egallab olgan bir necha kunlik shiddatli janglardan so‘ng amalga oshdi. AQSH maxsus vakili Tom Barrak bitimni burilish nuqtasi deb atab, integratsiyaning barcha detallarini yakunlash uchun hali qilinadigan ishlar ko‘pligini ta’kidladi.

Kurdlar uchun og‘ir shartlar

Mazkur kelishuv Suriya shimoli-sharqida o‘n yildan ortiq vaqt davomida yarim muxtor hududni boshqarib kelgan SDK uchun jiddiy zarba sifatida baholanmoqda. SDK rahbari Mazlum Abdi guruh ikkita muhim provinsiyadan chiqib ketishga rozi bo‘lganini tasdiqladi:

1. Dayr az-Zavrr: mamlakatning asosiy neft va bug‘doy yetishtiruvchi hududi.

2. Raqqa: Frot daryosi bo‘yidagi muhim gidroelektr to‘g‘onlari joylashgan hudud.

SDK 2024-yil oxirida Bashar Asad hokimiyati ag‘darilganidan beri Suriyani boshqarib kelayotgan islomiy hukumat (amaldagi prezident Ahmad ash-Shara’a) tarkibiga kirishga shu paytgacha qarshilik ko‘rsatib kelayotgan edi.

14 banddan iborat bitim

Suriya prezidentligi tomonidan e’lon qilingan 14 banddan iborat hujjatda amaldagi prezident Ahmad ash-Shara’a va Mazlum Abdining imzolari bor. Davlat OAVning xabar berishicha, ular hujjatni alohida-alohida imzolagan. Ammo Abdi 19-yanvar kuni poytaxt Damashqda Shara’a bilan uchrashishini va qaytganidan so‘ng xalqqa tafsilotlarni ochiqlashini ma’lum qildi. U kurd mintaqasining “yutuqlarini” himoya qilishga sodiq qolishini aytib, shunday dedi:

“Bu urushga biz majburan jalb etildik. Biz uning oldini olmoqchi edik, biroq ko‘plab kuchlar tomonidan rejalashtirilgani sababli, afsuski, bunga majbur bo‘ldik”.

Kelishuvning asosiy bandlari quyidagilardir:

  • Harbiy integratsiya. SDKning barcha kuchlari markaziy Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklariga alohida kurd bo‘linmalari sifatida emas, balki “shaxsiy tarkib” (yakka tartibdagi askarlar) sifatida qo‘shiladi.
  • Strategik obyektlar. Barcha chegara o‘tish punktlari, gaz va neft konlari hamda 2017-yilda ISHID mag‘lub etilganidan beri ushlab turilgan jangarilar va ularning oilalari saqlanadigan qamoqxonalar va lagerlar hukumatga topshiriladi.
  • KIP masalasi: SDK o‘z saflaridan “Kurdiston ishchilar partiyasi”ga (KIP) aloqador barcha suriyalik bo‘lmagan shaxslarni chiqarib yuborish majburiyatini oladi.

Suriya hukumat vakilining so‘zlariga ko‘ra, hududlarni topshirish keyingi 24–48 soat ichida amalga oshishi lozim.

Kelishuvda kurdlar uchun ayrim yengilliklar ham ko‘zda tutilgan. Xususan, SDK markaziy hukumatdagi muhim lavozimlarga o‘z nomzodlarini ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, kurdlar ko‘p istiqomat qiladigan va SDKning asosiy tayanchi sanalgan Hasaka provinsiyasi gubernatori o‘zaro konsensus (kelishuv) asosida tayinlanadi.

AQSH va Turkiya munosabati

Turkiya tashqi ishlar vazirligi kelishuv Suriya xalqi va qo‘shni davlatlar xavfsizligiga xizmat qilishiga umid bildirdi. Reuters’ga ko‘ra, AQSH qiyin ahvolda qolmoqda: u bir tomondan ISHIDga qarshi kurashda uzoq yillik hamkori bo‘lgan SDKni, ikkinchi tomondan esa Suriyani birlashtirishga va’da bergan yangi yetakchi ash-Shara’ani qo‘llab-quvvatlashi kerak. Tom Barrak dam olish kunlari davomida Iroq Kurdistonida Abdi bilan, Damashqda esa Sharaa bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xavotirlar saqlanib qolmoqda

Kurdlar ash-Shara’a hukumati borasida jiddiy xavotirda. Bunga 2025-yilda yuz bergan mazhablararo zo‘ravonliklar sabab bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda Suriya g‘arbida 1500 ga yaqin alaviylar hukumatparast kuchlar tomonidan o‘ldirilgan, janubda esa yuzlab druzlar qatl qilingan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar