Germaniya hukumati avvalroq boshpana va’da qilingan, biroq hozirda Pokistonda noaniq holatda qolayotgan 535 nafar Afg‘oniston fuqarosini qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt xabar berdi.
Ushbu afg‘onlar 2021-yil avgust oyida “Tolibon” harakati hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng xavfsizligidan qo‘rqib mamlakatni tark etgan. Ular orasida Germaniya Bundesveri va boshqa davlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilgan shaxslar, shuningdek, inson huquqlari himoyachilari va xotin-qizlar huquqlari uchun kurashgan faollar ham bor.
Aleksandr Dobrindtning aytishicha, Germaniya hukumati bu afg‘on fuqarolarini “imkon qadar tezroq” qabul qilishdan manfaatdor. Avvalroq Pokiston hukumati Germaniyadan afg‘onlarni dekabr oxirigacha qabul qilishni talab qilgan, aks holda ularni vataniga deportatsiya qilish bilan tahdid qilgandi.
- Avvalgi hukumat qaroriga qaramay, afg‘onlar Germaniyaga kira olmayapti
Amnesty International va Pro Asyl huquqni himoya qilish tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Pokistonda Germaniyaga evakuatsiya qilinishini kutayotgan qariyb 1 800 nafar afg‘on bor. Ularning aksariyati Germaniyaning davlat, nodavlat va madaniy tashkilotlarida ishlagan.
“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni egallaganidan so‘ng, o‘sha paytdagi Germaniya hukumati ularni mamlakatga olib kelishga va’da bergan va ayrimlariga tegishli hujjatlar ham berilgan. Biroq kansler Fridrix Merts boshchiligidagi yangi federal hukumat gumanitar sabablarga ko‘ra uchinchi davlatlar fuqarolarini qabul qilish dasturlarini, jumladan afg‘onlar bo‘yicha dasturlarni ham keskin cheklagan. Natijada Germaniyada bo‘lishga ruxsat berish haqidagi ayrim qarorlar bekor qilingan.
Nemis rasmiylari “Tolibon”ga qarshi chiqqan afg‘on fuqarolik jamiyati faollarini Germaniyaga qabul qilishdan bosh tortgan. Dekabr boshida ularga Germaniya tomonidan rasmiy rad javobi berilib, bunga sabab sifatida “ularni qabul qilish Germaniya uchun siyosiy jihatdan manfaatli emas” ekani ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, 250 dan ortiq nemis tashkiloti Germaniya federal hukumatiga ochiq maktub yo‘llab, gumanitar asosda mamlakatda bo‘lishiga ruxsat berilgan afg‘onlarni qabul qilishga chaqirgan.
“Vaqt tugab bormoqda — har bir kun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar bu odamlar Afg‘onistonga qaytarilsa, ularning hayoti xavf ostida qoladi”, deyiladi murojaatda.








