“Barselona” klubi “Real Sosyedad” darvozaboni Aleks Remiroga qiziqish bildirmoqda va futbolchiga shartnoma taklif qilishga tayyor. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, kataloniyaliklar 30 yoshli darvozabonning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Sababi klub rahbariyati uni asosiy posbon Joan Garsiyaga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda.
Qayd etilishicha, “Barselona” sport direktori Deku yozgi transfer oynasi vaqtida ham Remironing transferi bo‘yicha harakat qilib ko‘rgan. Ammo klub Joan Garsiya bilan shartnoma imzolashga qaror qilgan. Aleks Remiro esa “Barselona”ga o‘tishga hamda Garsiya bilan raqobatlashishga tayyorligini bildirgan.
Ammo “ko‘k-anorranglilar” jamoa tarkibidagi boshqa darvozabonlar — Mark-Andre ter Shtegen va Voytsex Shesni bilan bog‘liq masalalarni hal etishi lozim. Har ikki futbolchining ham klub bilan shartnomasi mavjud. Ter Shtegen La Liganing boshqa bir jamoasi “Jirona” safiga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq klub Shesni bo‘yicha bir qarorga kelmagan.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum Aleks Remiro Ispaniya La Ligasi doirasida jami 20 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 14 million yevroni tashkil etadi.








