Daryo

“Barselona” himoyadagi muammolarni bartaraf eta oladigan yosh futbolchini topdi

Klub sport direktori Deku “Real Sosyedad” himoyachisi Jon Martinning agenti bilan uchrashib, futbolchining transfer holati bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni o‘rgandi.

1 daqiqa o‘qish3 257 ko‘rishlar0 izoh2

“Barselona” joriy yozda himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nishon — Alessandro Bastoni transferi ustida faol ish olib bormoqda. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, klub futbolchi bilan kelishuvga erishishga yaqin turibdi, biroq “Inter” bilan muzokaralar jarayoni eng qiyin bosqich bo‘lishi kutilmoqda.

Shu sababli “ko‘k-anorranglilar” boshqa variantlarni ham ko‘zdan kechirmoqda va ayni pallada Jon Martin nomzodi yuzaga chiqdi.

Diario Sport nashri xabariga ko‘ra, klub sport direktori Deku “Real Sosyedad” markaziy himoyachisi Jon Martinning agenti Inyaki Ibanes bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazib, futbolchining holati bilan qiziqqan.

“Ushbu uchrashuv hal qiluvchi xarakterga ega emas edi. Bu aniq qiziqish bildirishdan ko‘ra, ko‘proq vaziyatni o‘rganish maqsadida tashkil etilgan muloqot bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

“Barselona” Martinni sotib olish borasida hali aniq rejalarini futbolchining o‘ziga ma’lum qilmagan, biroq Deku uning agenti bilan aloqada bo‘lib turibdi.

23 yoshli Martin joriy mavsumda La Liganing eng ko‘zga ko‘ringan himoyachilaridan biriga aylandi. Uning Ispaniya Kubogi finalida “Real Sosyedad”ning “Atletiko Madrid” ustidan qozongan g‘alabasidagi o‘yini futbolchining qiymatini yanada oshirdi.

Futbolchining sovuqqonligi, o‘yinni o‘qiy olish qobiliyati va hujumni orqa chiziqdan boshlay olish mahorati Yevropaning bir qator grand klublari e’tiborini tortdi.

“Real Sosyedad” himoyachisining shartnomasi 2031-yilgacha amal qiladi. Undagi tovon puli 50 million yevro etib belgilangan. Bu ko‘rsatkich “Barselona” Bastoni uchun sarflashga tayyor bo‘lgan mablag‘dan biroz kamroq.

Garchi Martin chap oyoqli bo‘lmasa-da (bu “Barselona” markaziy himoyachi tanlashda ustunlik berayotgan jihatlardan biri), uning bo‘yi 1,87 metrni tashkil qiladi. U havoda yaxshi o‘ynaydi va klub himoya profili uchun muhim bo‘lgan yana bir qator talablarga javob beradi.

Bastoni hamon so‘zsiz ustuvor variant bo‘lib qolmoqda, biroq “Barselona” boshqa imkoniyatlarni ham e’tibordan chetda qoldirmayapti.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar