Germaniyaning “Bavariya” klubi yarim himoyachisi Maykl Olise Bundesliganing “Leypsig”ga qarshi o‘yini asosiy qahramonlaridan biriga aylandi. “Leypsig Arena”da o‘tgan bahsda Myunxen jamoasi raqibini 5:1 hisobida mag‘lub etdi.
Fransiyalik futbolchi 56-daqiqada maydonga tushdi va qolgan vaqt ichida uchta golga assist amalga oshirdi, shuningdek, o‘yinning oxirida, 88-daqiqada o‘zining goli bilan hisobni 5:1 ko‘rinishga keltirdi.
Opta ma’lumotlariga ko‘ra, 2004/2005-yilgi mavsumdan beri faqat bitta futbolchi zaxiradan tushib uchta assist amalga oshirgan — bu Frank Riberi bo‘lib, u 2019-yilda “Bavariya”ning “Volfsburg”ga qarshi o‘yinida shunday natijaga erishgan edi.
Avvalroq, fransiyalik futbolchi Bundesligadagi dastlabki 50 ta uchrashuvda eng ko‘p assist qayd etgan futbolchiga aylangan edi.
Joriy mavsumda 23 yoshli vinger barcha musobaqalar doirasida 28 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol va 20 ta golli uzatma muallifiga aylandi. Olise “Bavariya” safiga 2024-yil yozida Angliyaning “Kristal Pelas” klubidan kelib qo‘shilgan. Myunxen klubi safida u 83 ta o‘yinda ishtirok etib, 33 ta gol urgan va 43 ta golli uzatma amalga oshirgan. Transfermarkt portali uning transfer narxini 130 million yevroga baholagan.
Frenk Riberi esa 2007–2019-yillar davomida “Bavariya” safida 425 ta uchrashuvda 124 ta gol va 182 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.








