Madridning “Real” klubi “Bavariya” hamda Fransiya milliy jamoasi vingeri Maykl Oliseni xarid qilish borasidagi qat’iy niyatidan qaytganicha yo‘q. Bu haqda El Nacional nashri o‘zining X (sobiq Twitter) tarmog‘idagi sahifasida xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “qaymoqranglilar” rahbariyati fransiyalik futbolchi uchun o‘z taklifini (erishiladigan natijalar uchun yoziladigan bonuslarni ham hisobga olganda) 213 million yevrogacha oshirishga tayyor.
Ushbu yirik kelishuvni moliyalashtirish hamda jamoa tarkibini qayta shakllantirish maqsadida Madrid klubi rahbariyati uch nafar futbolchisi bilan xayrlashishni ko‘zlamoqda. Ta’kidlanishicha, “Real” Eduardu Kamavinga, Alvaro Karreras va Din Hyuysenni transferga qo‘yishni rejalashtirgan. Aynan ushbu o‘yinchilarning sotilishi Olise xaridi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, ortda qolgan 2025/2026-yilgi mavsumda Maykl Olise jami 52 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 22 ta gol hamda 31 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 150 million yevroga baholagan.








