Daryo

O‘zbekistonda bir yilda mingdan ortiq xususiy tibbiy klinika faoliyat boshladi

Mamlakatda 2025-yilda 1 329 ta xususiy tibbiy klinika litsenziya olib, faoliyat boshladi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hamda Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida qayd etilgan. Mutaxassislar bu holat xususiy tibbiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar va sog‘liqni saqlash tizimidagi raqobat kuchayib borayotganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

1 daqiqa o‘qish3 607 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekistonda 2025-yilda xususiy tibbiyot sohasida barqaror o‘sish qayd etilib, 1 329 ta xususiy tibbiy klinika litsenziya olib ish boshladi. Bu haqda Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi xabar berdi.

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilib, poytaxtda 251 ta yangi xususiy klinika ochilgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 169 ta, Samarqand viloyatida 129 ta, Andijon viloyatida 121 ta va Qashqadaryo viloyatida 117 ta tibbiyot muassasasi faoliyat boshlagan. Mutaxassislar bu hududlarda aholi zichligi va iqtisodiy faollik yuqoriligi xususiy tibbiyot rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda.

O‘rtacha ko‘rsatkich qayd etilgan hududlar qatorida Toshkent viloyati (95 ta), Buxoro viloyati (91 ta), Namangan viloyati (74 ta), Xorazm viloyati (71 ta) va Surxondaryo viloyati (62 ta) bor. Bu hududlarda xususiy tibbiyot faoliyati barqaror rivojlanib, aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayib bormoqda.

Nisbatan past ko‘rsatkichlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (54 ta), Navoiy viloyati(50 ta), Jizzax viloyati (30 ta) va Sirdaryo viloyatida (15 ta) qayd etilgan. Tahlillarga ko‘ra, ushbu hududlarda xususiy tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish, yangi investitsiyalarni jalb etish hamda tibbiy xizmatlar qamrovini oshirish uchun salmoqli imkoniyatlar mavjud.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatda xususiy tibbiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar, litsenziyalash jarayonlarining soddalashtirilishi va sog‘liqni saqlash tizimida raqobat muhitining shakllanib borayotganini aks ettiradi. Ma’lumot o‘rnida, hozirda O‘zbekistonda 9 mingdan ortiq xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar