Xorazm viloyati Hazorasp tumanida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini shifokor retseptisiz sotayotgan dorixona aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Tumanda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “X.D.D.” MCHJ dorixonasi farmatsevti G.X. fuqaro O.A.ga “Omeprazol” dori vositasini shifokor retseptisiz sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida dorixona mudirining moddiy javobgarligida bo‘lgan, qatʼiy hisobda turadigan bemorlarga retsept asosida berish uchun qabul qilib olingan 10 turdagi jami 2 846 dona tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalarining kamomadi aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallashni nazarda tutuvchi moddasi bilan ish ochilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Antibiotiklar 16-dekabrdan beri elektron retseptlar asosida sotilmoqda
2025-yil 15-dekabrda sog‘liqni saqlash vazirining “Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash bo‘yicha tegishli buyrug‘i qabul qilingan.
Hujjatga binoan tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlashni bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.
Bunda dastlabki bosqichda antibiotiklar, tizimli taʼsir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari hamda tizimli taʼsir etuvchi gormonal dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash va dorixonalarda elektron retsept asosida berish tartibi belgilangan bo‘lib, hozirda mazkur dori vositalari amalda ushbu tartib asosida elektron retsept orqali berib kelinmoqda.
Dorilarning qog‘oz shakldagi retseptini rasmiylashtirishga esa 2026-yil 1-martgacha ruxsat berilgan.








