Saudiya Arabistonida davom etayotgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi musobaqasi hal qiluvchi bosqichga kirdi. Guruh bosqichi yakuniga yetib, 16 jamoadan 8 tasi turnir bilan xayrlashdi. Guruhlarda 1 va 2-o‘rinlarni egallagan terma jamoalar chorak final bahslarida ishtirok etadi.
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi “C” guruhini peshqadam sifatida yakunlab, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Xitoy esa “D” guruhida Iroq (0:0), Avstraliya (1:0) va Tailand (0:0) terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda 5 ochko jamg‘arib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
O‘zbekiston — Xitoy: Osiyo Kubogidagi o‘zaro uchrashuvlar
O‘zbekiston va Xitoy U-23 terma jamoalari Osiyo Kubogi doirasida shu paytgacha uch bor uchrashgan. Ushbu bahslarning barchasida O‘zbekiston terma jamoasi g‘alaba qozongan.
2013-yil (U-22 Osiyo Kubogi):
Guruh bosqichida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Krimets va Sergeyevning gollari evaziga O‘zbekiston 2:1 hisobida zafar quchgan.
2018-yil (Xitoy mezbonligida):
Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoa guruh bosqichida mezbonlarni Alijonovning yagona goli bilan mag‘lub etgan (1:0) va keyinchalik turnir chempioniga aylangan.
2020-yil (Tailand):
“C” guruhidagi bahsda Qobilov va To‘xtasinov gollari bilan O‘zbekiston 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Shuningdek, jamoalar o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari ham o‘tkazib kelinadi. So‘nggi bor 2025-yil noyabr oyida Xitoyda tashkil etilgan xalqaro turnir doirasida tomonlar o‘zaro to‘qnash kelib, uchrashuv 0:0 hisobida yakunlangan.
Uchrashuv oldidan
Chorak final bahsi arafasida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi darvozaboni Samandar Muratbayev Xitoyga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi:
“Xitoy biz uchun begona raqib emas. Ular bilan ko‘p marta o‘ynaganmiz. O‘z o‘yinimizni namoyish etib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz”.
Chorak final bosqichida g‘alaba qozongan jamoa yarim finalda Vyetnam — BAA uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Xitoy uchrashuvi 17-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da Jidda shahridagi “Prince Abdullah Al Faisal Sports City” stadionida start oladi.








