2025-yilda Toshkent shahrida jami 1 mln 131,5 ming tonna maishiy chiqindi yig‘ib olingan. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi “Daryo”ga xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yilda Toshkent shahrida jami 1 million 131 ming tonnadan ortiq chiqindi yig‘ib olingan. Bu o‘rtacha hisobda kuniga 3—3,5 ming tonna chiqindi to‘planayotganini anglatadi. Ayni paytda poytaxtda chiqindi xizmatidan foydalanuvchi abonentlar soni 755 ming 43 tani tashkil etadi. Ularning chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorligi 19 milliard 919 million so‘mdan oshgan. Chiqindilarni hisobga olish va to‘lovlarni nazorat qilish ishlari “Toza Makon” yagona elektron billing tizimi orqali amalga oshirilmoqda.
Agentlik vakillarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida non va oziq-ovqat chiqindilarining ulushi sezilarli darajada kamaygan. Hozirda ushbu turdagi chiqindilar umumiy hajmning 0,1 foizini tashkil etadi. Bu esa Toshkentda bir kunda o‘rtacha 3–3,5 tonna non va oziq-ovqat chiqindisi tashlanayotganini ko‘rsatadi.
Brifingda, shuningdek, chiqindilarni saralab yig‘ish, qayta ishlash va energiya olishga yo‘naltirilgan loyihalar kengaytirilayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga ko‘ra, poytaxtda hosil bo‘layotgan yirik hajmdagi chiqindilarni samarali boshqarish uchun raqamlashtirish va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan tizimlar izchil joriy etilmoqda.
Shuningdek, brifingda 2025-yil davomida respublika bo‘yicha hosil bo‘lgan maishiy chiqindilar hajmiga ham to‘xtalib o‘tildi. Tahlillarga ko‘ra, yil davomida mamlakatda 15,1 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan. Aholiga ko‘rsatilgan chiqindi xizmatlari uchun hisoblangan 1 trln 454 mlrd so‘m to‘lovning 90 foizi undirilgan bo‘lsa-da, umumiy debitor qarzdorlik 622,7 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, 211,9 mlrd so‘mlik noreal qarzdorliklar elektron tizimdan chiqarilgan.








